Oradan qariyb 8 yil o‘tgach adolat qaror topdi

Oradan qariyb 8 yil o‘tgach adolat qaror topdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar samarasi o‘laroq, sudlar tomonidan adolatni qaror toptirish, har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tuman sudining 2019 yil 9 dekabrdagi hukmi ham yuqoridagi fikrimizga yaqqol dalil bo‘la oladi.

Imatov Azamat jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga JKning 28,167-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan ayb e’lon qilingan.

A.Imatov tergovda ham, sudda ham o‘zining aybsiz ekanligini ta’kidlab kelgan, ammo ishonchsizlik sababli u amnistiya aktiga asosan jinoiy javobgarlikdan qutilganiga rozilik berib, taqdirga tan bergan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kegeyli tuman sudining 2011 yil 22 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2011 yil 05 dekabrdagi amnistiya to‘g‘risidagi Qaroriga asosan jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.

Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy islohotlar hamda A.Imatov o‘zi kabi nohaq ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning reabilitasiya qilinganliklarining guvohi bo‘lib, haqiqat qaror topishiga ishonib, himoyachisi yordamida kassasiya shikoyati bilan sudga murojaat qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudining kassasiya instansiyasida ko‘rilib, 2019 yil 9 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 22 dekabrdagi “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”16-sonli qarori talablariga amal qilinmaganligi sababli sud ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tuman sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishi hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, A.Imatov 2011 yil 8 avgust kuni boshqa shaxslar bilan til biriktirib, 1.467.000 so‘mlik miqdordagi 5000 kilogramm ammoniy sulfat mineral o‘g‘itini talon-taroj qilganlikda, qalbaki hujjatlar tuzgan holda undan foydalanib, “Kuanish jarma” postiga kelganida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB xodimlari tomonidan ushbu yuk mashinasi ushlangan.

Garchi A.Imatov mineral o‘g‘itini 1.467.000 so‘mga sotib olgani, pullarni filial kassasiga topshirgani va buning uchun to‘lov varaqasiga asosan shahobchadan mineral o‘g‘itini olgani, hujjatlarni qalbakilashtirmagani yuzasidan vaj keltirib, mazkur mineral o‘g‘itini sholi ekishdagi sherigi Nukus tumanidagi “Tanba” fermer xo‘jaligi rahbari B.Daukarayevning yeriga ishlatmoqchi bo‘lgani haqida bildirgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra asosiy dalil bo‘lib hisoblangan ammoniy sulfat mineral o‘g‘iti hamda 2011 yil 08 avgust kungi 247-sonli yuk xatini bevosita dalilni olish bilan bog‘liq bo‘lgan prosessual harakatni o‘tkazishga vakolatli mansabdor shaxs tomonidan olinmagani, dalilni olish bilan bog‘liq prosessual harakatni o‘tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya etilmagani, dalilni olishda tergov jarayoni va natijalarining qayd etilishiga doir qonunning talablariga amal qilinmagani aniqlandi.

Oliy sud Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-prosessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori (ushbu qaror 2018 yil 18 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan) da surishtiruv, tergov organlari va sudlar isbot qilish jarayonida dalillarning maqbulligi to‘g‘risidagi masalani to‘g‘ri hal etishi, dalil uni olish bilan bog‘liq prosessual harakatni o‘tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya etilgan holda olingan bo‘lishi, dalillar maqbulligiga taalluqli yuqorida sanab o‘tilgan shartlardan birortasiga amal qilinmasa, dalil nomaqbul deb topilishi belgilangan.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tuman sudining hukmiga ko‘ra Imatov Azamat JPKning83-moddasi 2-bandiga asosan aybsiz deb topilib, oqlandi.

Oqlov - ko‘ngillarga ishonch, umid, shukronalik va yashashga yangi ishtiyoq bag‘ishlaydigan ezgu tamoyildir. A.Imatovning oradan sakkiz yil o‘tgach, aybsiz ekani e’tirof etilishi ham uning oilasi, yaqinlari ko‘ngliga shunday ezgu tuyg‘ularni olib kirdi.

Zero, sudlarning vazifasi adolatni qaror toptirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishdan iboratdir.

                                                

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!