Og‘ir judolik! Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi!

Og‘ir judolik! Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi!

O‘zbekiston xalq shoiri, "El-yurt hurmati" ordeni sohibasi Halima Xudoyberdiyeva 17 avgust kuni 71 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Qalampir.uz” manbasi xabar berdi. Halima Xudoyberdiyeva nima sabab vafot etgani ma’lum emas. 

Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni tamomlagach, Toshkent davlat universitetida ta’lim oldi. So‘ngra “Saodat” jurnalida avval bo‘lim boshlig‘i, muharrir o‘rinbosari va keyinchalik bosh muharrir sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Shu davr oralig‘ida u Moskvada Oliy adabiyot kursida tahsil oldi. U “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi kengashi raisi lavozimlarida xizmat qildi. “Yozuvchi” nashriyotida yetakchi mutaxassis va “Guliston” jurnalida adabiyot bo‘limini boshqardi.
 
Halima Xudoyberdiyevaning ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, shu kungacha u yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlar, dostonlar va publisistik maqolalar yaratdi. Xususan, uning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh”(1977), “Issiq qor”(1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Yuragimning og‘riq nuqtalari” (1991), “Hurlik o‘ti” (1993), “Bu kunlarga yetganlar bor” (1994), “To‘marisning aytgani” (1996) kabi she’riy, nasriy majmualari keng kitobxon ommasining ma’naviy mulkiga aylangan. U tarjimon sifatida ham samarali ijod qildi.

Uning Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov asarlaridan qilgan tarjimalari e’tiborlidir. Halima Xudoyberdiyeva mahoratli publisist sifatida ham shuhrat qozondi. Uning “Yuragimning og‘riq nuqtalari” to‘plamiga kirgan maqolalarida zamonamizning dolzarb muammolari haqida mushohada yuritilgan.

Uning jo‘shqin she’riyati yordamida insonlarni ruhlantirish, ularga iroda, matonat, bag‘rikenglik va har qanday sharoitda ham o‘z ijodiga sodiq qolishdan iborat ibrat maktabi munosib baholanib, 1992 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Shoira Halima Xudoyberdiyevaning oila a’zolari va yaqinlariga tahririyatimiz nomidan hamdardlik bildiramiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!