Navoiyda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor gaz stansiyasi auksionga chiqarildi

Navoiyda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor gaz stansiyasi auksionga chiqarildi

Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish ko‘lami tobora kengayib bormoqda.

Biroq, amaliyotda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kredit shartnomasida belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ham uchrab turadi.

Misol uchun, “Mikrokreditbank” ATB Navoiy viloyati mintaqaviy filiali tomonidan “SH.A.” MCHJga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida 18,6 mlrd. so‘m miqdorida kredit ajratilgan.

Kredit shart­nomasi bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari o‘z majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarmaganligi sababli, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 16.05.2024 yildagi ijro varaqasiga asosan kredit qarzini undirish va undiruvni garovga qo‘yilgan 2 ta “Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor gaz stansiyasi”ga, 1 ta “1000 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi”ga, 1 ta “Gul ko‘chatlari yetishtirishga mo‘ljallangan gulbog‘xona”ga, 1 ta omborxona va binolarga qaratish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati Byuroning Navoiy viloyat boshqarmasiga kelib tushgan bo‘lib, olib borilgan ijro harakatlari jarayonida jamiyat rahbari ushbu qarzdorlikni to‘lash yuzasidan bir necha bor ogohlantirilib, bank hisobraqamlariga elektron inkasso topshiriqnomalar yuborilgan, barcha mol-mulklari taqiqqa olinib, xatlangan.

Ammo, qarzdorlik to‘lanmaganligi natijasida garov ta’minoti sifatida qo‘yilgan “Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor gaz stansiyasi”ga va “1000 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi” qarzdorlikni bartaraf etish maqsadida elektron onlayn auksionga chiqarildi.

Kredit mablag‘i o‘z vaqtida to‘lab borilganida shu kabi ortiqcha xarajatlar va harakatlar amalga oshirilmas va kelgusida boshqa bir tadbirkorning kredit resurslaridan foydalanishiga zamin yaratilgan bo‘lar edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!