NATO Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammitda Ukrainani ittifoqqa qo‘shilishga taklif qilmaydi

NATO Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammitda Ukrainani ittifoqqa qo‘shilishga taklif qilmaydi

The New York Timesga ko‘ra, NATO Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammitda Ukrainani ittifoqqa qo‘shilishga taklif qilmaydi, balki uzoq muddatli istiqbolda unga barcha turdagi yordamni muvofiqlashtirish uchun Germaniyada blok missiyasi tuzilganini e’lon qiladi.

Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, bu qadam ham Ukrainaga, ham "G‘arb urushni qo‘llab-quvvatlashdan charchaydi" degan umidda bo‘lgan Rossiyaga "ittifoqchilik majburiyatlari haqida kuchli signal" berishga qaratilgan.

Missiya NATO shafeligida bo‘lishi sababli avvalroq alyans va Ukrainaga yordam ajratilishini keskin tanqid qilgan Donald Tramp AQShdagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan taqdirda ham faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, deyiladi materialda.

Missiya “NATOning Ukraina uchun xavfsizlik yordami va treningi” (NATO Security Assistance and Training for Ukraine, NSATU) deb nomlandi va u AQShning Visbadendagi harbiy ob’ektida joylashgan. Missiyani NATOning Yevropadagi oliy qo‘mondoni va AQShning Yevropadagi kuchlari qo‘mondoni general Kristofer Kavoliga bo‘ysunuvchi amerikalik general boshqaradi.

Yangi missiya amaldagi “imkoniyatlar koalisiyasi” — Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya, F-16 qiruvchi samolyotlari va o‘q-dorilar kabi turli harbiy yordam ko‘rsatuvchi davlatlar faoliyatini birlashtiradi. Missiya, shuningdek, ittifoqchi davlatlarda ukraina harbiylarni tayyorlashni va Ukraina bilan qator davlatlar tomonidan imzolangan uzoq muddatli ikki tomonlama xavfsizlik shartnomalarini muvofiqlashtiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!