NAMOZ TAQVIMIDA NAMOZ VAQTLARIGA O‘ZGARTIRISHLAR KIRITILISHI MUMKIN

NAMOZ TAQVIMIDA NAMOZ VAQTLARIGA O‘ZGARTIRISHLAR KIRITILISHI MUMKIN

Kuni kecha 9 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining bir qator mas’ul xodimlari, TII ustozlari va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti mutaxassislari o‘rtasida namoz vaqtlarini belgilash masalasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Diniy Idoradan Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov, Kotibiyat bo‘limi bosh mutaxassisi, ustoz Muhammad Ayub Homidov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti ustozlari Farhod Jo‘rayev, Faxriddin Mamanosirov, Yahyo Razzoqov, yosh tadqiqotchilardan Hasanxon Abdulmajidov birgalikda Yunusobod tumanida joylashgan rasadxona (Observatoriya) binosiga tashrif buyurishdi. U yerda mehmonlarni yetkachi mutxassis Sobitxon Ilyosxonov boshchiligidagi soha vakillari kutib oldilar.
 
Yig‘ilishda yangi taqvimda namoz vaqtlarini qayd etishda qabul qilingan ilmiy asoslarga tayangan holda asosan bomdod, asr va xufton namozlarining vaqtini yanada aniqroq belgilash masalasi o‘rtaga tashlandi.

Sobitxon Ilyosxonovning ta’kidlashicha, u bir guruh tadqiqotchilar bilan birga bir yil davomida tong otishi va shafaq g‘oyib bo‘lish vaqtini o‘lkamizning turli mintaqalaridan turib kuzatgan. Ular ushbu kuzatuvlar va boshqa ilmiy manbalardan kelib chiqqan holda namoz vaqtlarini Quyoshning Yer sathiga ko‘ra gradusiga qiyoslagan holatda uch xil vaqtda belgilab chiqishgan. Ushbu vaqt belgilari yig‘ilishda ochiq muhokamaga qo‘yildi va mavzu ustida bahs qilindi. Ko‘pchilik bir ovozdan 15 gradus deb belgilashni maq’ul topdi.

Shuningdek, asr namozining vaqti ham qayta ko‘rib chiqildi. Shunga ko‘ra, bu yilgi namoz taqvimida bomdod, asr va xufton namozlarining vaqtida biroz o‘zgarish qabul qilinadi. Aniqrog‘i, ularning vaqti faslga qarab o‘zgarib turish xususiyatiga ega bo‘ladi.
 
Ushbu yig‘ilish tafsiloti va xulosalari haqida mutaxassislar tarafidan alohida maqola va tushuntirishlar e’lon qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!