Mudofaa vaziri o‘rinbosari: “Insoniyat o‘z tarixi davomida 300 yil urushsiz yashagan”

Mudofaa vaziri o‘rinbosari: “Insoniyat o‘z tarixi davomida 300 yil urushsiz yashagan”

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida zamonaviy harbiy mojarolarga bag‘ishlangan birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda.

Anjuman doirasida O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i general-mayor Azizbek Ikramov “XXI asr harbiy mojarolarining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi tahliliy ma’ruzasi bilan chiqish qilib, butun dunyoda sodir bo‘layotgan harbiy mojarolarning kelib chiqishi va uning oqibatlari haqida gapirdi.

Azizbek Ikramov zamonaviy harbiy mojarolar mazmuni, uning yangi qiyofa va xususiyatlari, axborot-mafkuraviy va kiber makonda olib borilayotgan urush haqida alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Hisob-kitoblarga ko‘ra, insoniyat shu vaqtga qadar 300 yilgina urushsiz yashagan. Bu har yuz yilga bir hafta tinchlik davri to‘g‘ri keladi demakdir. Bundan 3,5 ming yil oldin sovuq qurollar yordamida boshlangan urush hozirda yadroviy va axborot makonida davom etmoqda. Bu kabi urushlarning oldini olish uchun xorijiy oliy harbiy ta’lim va tadqidot muassasalari bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatish zarur. Bugungi barcha ishlarimiz aynan shunga yo‘naltirilgan”, — deydi mudofaa vazirining o‘rinbosari.

Shuningdek, anjuman davomida Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi professori Brian Todd “Afg‘onistondagi ichki mojaroning ahvoli va rivojlanishi”, Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti prezidenti Li Seok Gu “Davlatlararo mojarolarning rivojlanish dinamikasi Koreya yarimoroli misolida” mavzularida ma’ruza qildi.

Anjuman davom etmoqda.

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!