Mitti chip eksportida qaysi davlat yetakchi?

Mitti chip eksportida qaysi davlat yetakchi?

Dunyoda shunday mahsulotlar borki, bu tovarlarsiz hozirgi zamon sanoati rivojini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunday mahsulotlar yuqori texnologiyalar taraqqiyotida muhim unsur sifatida baholanadi.

Shu ma’noda so‘nggi o‘ttiz yil ichida mikrochip ishlab chiqarish bozori ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirgani e’tiborli. O‘tgan asr 90-chi yillarida yer yuzidagi mitti chiplarning 40 foizi AQShda, yana 40 foizi Yevropada ishlab chiqarilgan. Hozir esa dunyo bozorida mazkur sanoat mahsuloti eksportining qariyb 50 foizini Osiyo mamlakatlari – Xitoy, Gongkong va Tayvan ta’minlaydi. Bu holat jahon yarim o‘tkazgichlar bozori global o‘zgarishga yuz tutayotganini anglatadi. Masalan, Xitoy ichki ishlab chiqarishni muntazam kengaytirmoqda. Chin yurti Tayvan mikrochip bozori uchun, hatto, AQSh bilan ziddiyatga borishga ham tayyor ekanini bildirgan.

So‘nggi payt mikrochip eksport qilish bo‘yicha yetakchilar safiga intilayotgan yangi mamlakatlar paydo bo‘lmoqda. Hindiston shunday davlatlardan biri. Ekspertlar taxminicha, 2026 yilga kelib hind diyori yarim o‘tkazgich bozori qiymati 63 milliard dollarga yetadi. Holbuki, 2020 yil ayni ko‘rsatkich atigi 15 milliard dollar edi.

Quvayt ham 2022-2023 yillar davomida ushbu tovarni chet ellarga chiqarish qobiliyatini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ekspertlar ta’kidlashicha, bu o‘sish moliyaviy daromad shaklida 147 barobarni tashkil etgan.

Xullas, bir vaktlar AQSh mikrochip ishlab chiqarishni Osiyo bozoriga ko‘chirib, endi o‘ziga qaytara olmayapti. Tabiiyki, Qo‘shma Shtatlar bu boradagi yetakchilikni allaqachon qo‘ldan berib bo‘lgan. O‘tgan yil eksportda an’anaviy ravishda Gonkong, Tayvan, Singapur, Xitoy va Janubiy Koreya peshqadamlik qildi. Qiziqarli jihati shundaki, bunday mahsulotlarni import qiluvchi davlatlar ro‘yxati boshida ham aynan shu mamlakatlar joy oldi, faqat boshqacha tartibda: ya’ni, birinchi o‘rinni Xitoy egalladi. Umuman, yarim o‘tkazgich eksporti miqdori ham, import qiymati ham bir trillion dollardan oshdi, deyiladi “RIA Novosti” BMT “Comtrade” platformasi ma’lumotiga tayanib e’lon qilgan tahliliy maqolada.

2023 yil eng ko‘p mikrochip sotgan mamlakat – Gonkong 193,5 milliard dollarlik mahsulotni jahon bozoriga chiqardi. Darvoqe, Gongkong bu borada 10 yildan bo‘yon birinchilikni qo‘ldan bermay kelyapti. 166,6 milliard dollar ko‘rsatkich bilan Tayvan oroli ikkinchi, Singapur esa 137,9 milliard dollarlik mitti chip sotib uchinchi o‘rinni band etdi. Keyingi o‘rinlarda Xitoy (136,3 milliard dollar) va Janubiy Koreya (86,1 milliard dollar).

Kuchli beshlik a’zolari orasida savdoni eng kuchaytirgan davlat sifatida Singapur qayd etilgan. Bu mamlakat eksporti o‘sishi 13 foizni tashkil etgan.

Import bo‘yicha esa 350,1 milliard dollar bilan Xitoy birinchilikni qo‘lga kiritdi.Ta’kidlash joiz, Chin mamlakati mikrochip importi bo‘yicha yetakchilikni 22 yildan buyon hech qaysi yurtga bergani yo‘q. Chetdan chip olib kirish bo‘yicha keyingi o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi: Gonkong 202,6 milliard, Singapur 113,4 milliard, Tayvan 73,2 milliard, Janubiy Koreya 51,7 milliard dollar.

Boshqa yetakchilar ko‘rsatkichida pasayish kuzatilgan. Masalan, Janubiy Koreyada 24, Xitoyda 12, Tayvanda 10 va Gonkongda 10 foiz. Import ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yuqori – 4381 karra o‘sish Albaniyada kuzatildi.

Pandemiya davrida dunyoning deyarli barcha mintaqalarida karantin cheklovi joriy qilindi. Bu xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari qatori yarim o‘tkazgich bozoriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi, Savdo yo‘llarida harakat to‘xtab, eksport-import keskin kamaydi. Natijada zanjir nomuvofiqligi yuzaga keldi va sanoat ishlab chiqarishining qariyb barcha yo‘nalishi zarbaga uchradi. Tasavvur qilaylik, aloqa vositasi, maishiy texnika, zamonaviy avtomobil, katta va kichik gajetlar – bularning hech biri mittigina chipsiz umuman ishlamaydi, ya’ni miyasidan ayriladi.

Xayriyatki, qiyin davrlar ortda qoldi. Jahon mikrochip savdosi yana avj olib, yuksala boshladi. Sanoat, ayniqsa yuqori tenologiya rivojini mikrochipsiz tasavvur qilish qiyin. Qolaversa, iqtisodiyoti sanoat ishlab chiqarishiga, ayniqsa yuqori texnologiyaga tayangan har qanday mamlakat bunday mahsulotga kuchli ehtiyoj sezishi tabiiy. Binobarin, mitti chip bozori kengayib boraverarkan, raqobatchilar soni ham ortib boraveradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!