Mirziyoyev: "Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ahvol og‘ir"

Mirziyoyev: "Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ahvol og‘ir"

Tadbirkorlik sohasi shaxsan Prezident nazoratida bo‘ladi.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi:

«Hamma hudud va sektor rahbarlari bir haqiqatni tushunib olishlari shart: tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak, ishchi joyi yaratmasak, natijamiz yaxshi bo‘lmaydi», — dedi davlat rahbari.

❗️Prezidentimiz qancha ko‘p mablag‘ berilgani, shart-sharoit yaratilgani bilan viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarmayotgani, yaratilgan imkoniyatlardan haligacha to‘liq foydalana olmayotganini qattiq tanqid qildi.

Shavkat Mirziyoyev sohadagi kamchiliklarga to‘xtalib, bu borada Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ahvol og‘ir ekanini qayd etdi.

📉 Salohiyati yuqori bo‘lgan Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga atigi 1,9 million so‘mga to‘g‘ri kelib, bu — respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past (3,5 million so‘m). Qashqadaryoda aholi jon boshiga yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 3 million so‘mdan oshmagan yoki boshqalardan 2 baravar kam.

Ushbu viloyatda har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari soni atigi 4 ta, ularda ishlovchilar soni 16 nafardan iborat (respublikada har ming aholiga 6 ta tadbirkorlik sub’ekti va ularda ishlovchilar soni 30 tani tashkil qiladi).

Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkor muammolar yechilmayotgani, ular faoliyatiga to‘sqinliklar bo‘layotgani to‘g‘risida murojaat qilgan. Viloyatdagi jami 10 ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz yeriga birorta loyiha joylashtirilmagan.

«Bu — hududlar ichida eng salbiy ko‘rsatkich», — dedi Prezident.

Yig‘ilishda o‘rtacha bitta kichik biznes sub’ektidan tushayotgan soliq tushumi Sirdaryo, Buxoro va Surxondaryoda — 40 million so‘mni tashkil qilib, respublika ko‘rsatkichidan 1,5 baravar kamligi qayd etildi.

Davlat tomonidan berilgan har 1 milliard so‘m moliyaviy ko‘mak hisobiga Buxoroda — 35 ta, Andijonda — 27 ta, Surxondaryoda — 23 ta ish o‘rni yaratilgan. Navoiyda — bor-yo‘g‘i 15 ta.

💼 Hududiy dasturlar doirasida 2 mingta loyihaga kredit to‘liq ajratilgan bo‘lsa-da, ular ishga tushmagan. Ularning asosiy qismi Namangan (309 ta), Surxondaryo (293 ta), Qashqadaryo (280 ta), Xorazm (268 ta)ga to‘g‘ri keladi.

Bu viloyat, tuman (shahar) rahbarlari joylarda kichik biznes vakillari bilan yetarli darajada muloqot qilmayotganidan dalolat berishi qayd etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!