Koronavirusdan davolanayotgan bemor SSV rahbariga: «Har bemorga 32 mln so‘mdan ajratilgan bo‘lsa, unda nega dorini o‘z hisobimdan sotib olyapman?»

Koronavirusdan davolanayotgan bemor SSV rahbariga: «Har bemorga 32 mln so‘mdan ajratilgan bo‘lsa, unda nega dorini o‘z hisobimdan sotib olyapman?»

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun vaqtinchalik markazga aylantirilgan Jizzax politexnika instituti yotoqxonasi 411-xonasida davolanayotgan fuqaro Qobiljon Abdusattorovning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi.

Fuqaro o‘z murojaatida davlat koronavirusga chalingan har bir bemor uchun 32 million so‘mdan pul sarflanayotgani haqida bayonot berayotgan bir vaqtda u nima uchun dorilarga o‘z yonidan pul sarflashga majbur bo‘layotganiga qiziqqan, shuningdek, murojaat qilgan kuni butun boshli bir binodagi bemorlarga bir chelak ovqat berilgani, yotoqxona ostonasiga har kuni o‘nlab odamlar yordam so‘rab kelayotganiga qaramay, uning yonidagi koyka nima uchun bir kundan beri bo‘sh qolayotganini ma’lum qilgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir-ikkita savollarim bor edi. Birinchi savolim quyidagicha — agar davlatimiz koronavirusga chalinganlarning har biri uchun 32 million so‘mdan pul ajratayotgan bo‘lsa, unda biz nega dorilarni o‘z hisobimizdan sotib olyapmiz? U pullar qani, qayerga ketyapti? Nima, senlar xalqni aldayapsanmi? Agar rostdan ham pul ajratilayotgan bo‘lsa, unda dorilar qani? Ajratilmagan bo‘lsa, unda nega «ajratyapmiz» deb xalqni aldayapsanlar, insofingga senlarni!

Oddiy bir narsa — sharmandalik — bugun tushlik yo‘q. Yo‘q tushlik! «Sanitarka»ni chaqirib, tushlik qani desak: «Shuncha odamga bir paqir ovqat beryapti-da, qaysi biringizga yetkazaman?!», deydi. Ana sharmandalik! Har bir odamga 32 million so‘mdan ajratayotgan davlatimiz butun boshli binoga bir paqirgina ovqat berayotgan ekan! Demak, firmachilarining qozoniga hamma mahsulot ham tushmayapti, qayerlargadir, kimlarningdir uylariga har kuni ketyapti 50 kilodan go‘sht. To‘g‘rimi, shunday bo‘lyaptimi?

Bu ishlarning tagiga yetib, menga shaxsan hisobot berishingizni xalq nomidan talab qilaman! Sen rahbarlarning hech qaysi biringdan qo‘rqmayman! Senlardan uzr ham so‘rab chiqmayman! Men Cho‘lpon yurtidanman, boshimga qilich kelsa ham senlarga mana shunday tik turib gapiraman.

Mana yana bitta ochiq haqiqat — yonimdagi joy bo‘sh turibdi, kecha ertalab bo‘shagan. Kecha kechgacha bo‘sh turdi, bugun ham kechgacha bo‘sh turibdi. Lekin hozir pastga, qabulxonaga tushsang, kamida 30—40 nafar bemor yotibdi, eshik tagida turibdi, qaltirab, nafas ololmay. Ularni: «Joy yo‘q bizda, to‘lgan hammasi», deb qaytarib yuborishyapti. Bularni kim nazorat qiladi? Prezident ishongan odam senmi, Alisher Shodmonov? Nega nazorat qilmayapsan bularni?

Mana bu yerda oddiy xalq keladi-da, hech narsani gapirishni bilmaydi, indamay ketaveradi. Uch–to‘rt so‘m berib, yotadi-da, bo‘ldi, ketadi. Lekin bu muammolarni kimdir aytishi kerak-ku! Mana, men aytyapman. Chorangni ko‘r, shaxsan menga hisob berasan. Amaldorlar, birortangdan qo‘rqmayman.

Qobiljon Abdusattorov, Jizzaxda koronavirusdan davolanayotgan fuqaro


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!