«Koreyada innovasion usulda qayta tiklangan avtomobil ehtiyot qismlari» ko‘rgazmasi va seminari bo‘lib o‘tdi

«Koreyada innovasion usulda qayta tiklangan avtomobil ehtiyot qismlari» ko‘rgazmasi va seminari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi, Chirchiq shahar hokimligi va Koreya Respublikasining “Green Kapra Co., Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda avtomobil butlovchi qismlarni qayta tiklash bo‘yicha platformani yaratish» innovasion loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligida «Koreyada innovasion usulda qayta tiklangan avtomobil ehtiyot qismlari» ko‘rgazmasi va seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Koreya Respublikasining Savdo sanoat va energetika vazirligi boshchiligida avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi 9 ta kompaniya vakillari o‘z innovasion mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Seminar davomida qayd etilishicha, Koreya Respublikasida 2005 yildan beri qayta ta’mirlangan mahsulotlar haqida qonun mavjud. Mahsulotlarni qayta ta’mirlash uning qo‘shimcha qiymatini yaratish, ekologiyaga zarar yetkazmaslikka ko‘mak beradi. Shuningdek, tabiiy resurslar, jumladan energiya iqtisod qilinadi.

Koreyadan tashrif buyurgan mutaxassislar fikricha, ular global ekologik rivojlanishda Yevroda mamlakatlaridan hanuz ortda qolmoqda. Mamlakat eksportga yo‘naltirilgan va Yevropaning ekologik ishlab chiqarish qoidalariga amal qiladi.

Hozirgi kunda Koreyada unitilizasiya qilishga oson bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish qonun-qoidalari yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, barchaga ma’lum uyali telefonda ishlatiladigan qimmatbaho metallarni qayta ishlatish. Ushbu amaliyot natijasida iqtisodiyot qancha foyda ko‘rishini hisoblab chiqilmoqda. Buni amaliyotga joriy etish qazilma boyliklari yo‘q davlatlar uchun juda muhim. Sababi ular qazilmalarni o‘z davlatlariga juda ham qimmat narxlarda import qiladi. Shu sabab mazkur yo‘nalish Koreya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shuningdek hozirda sanoat majmualaridan chiqayotgan chiqindidan boshqa sanoat majmualarida foydalanish ustida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Anjuman davomida soha mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihani amalga oshirish yuzasidan manfaatli uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va sifatli mahsulotlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Seminarda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «O‘zavtosanoat» AJ va tizim korxonalari, “UzTest” O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorat markazi, Toshkent davlat transport universiteti, Turin politexnika universiteti va Toshkent davlat texnika universitetidan vakillar qatnashdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!