Jiddiy xatolik! Farg‘onalik ayolni "erkak"ka aylantirishdi

Jiddiy xatolik! Farg‘onalik ayolni "erkak"ka aylantirishdi

Pasportning “jinsi” deb yozilgan joyida tuman migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi mutasaddilarining beparvoligi va e’tiborsizligi sababli go‘yo kichik yanglishmovchilik yuz beradi. Jinsi “ayol”deb yozilishi o‘rniga “erkak” so‘zi ketib qoladi.

Respublika ishchi guruhi Qo‘shtepa tumanidagi “Loyson” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1955 yil 27 mayda tug‘ilgan Xosiyatxon Hakimovaning xonadoniga kirganida onaxon fuqarolik pasporti sababli juda noqulay ahvolga tushganini yashirmadi. 

Unga biometrik fuqarolik pasporti 2017 yil 19 aprelda №AV 6618042 sonli raqam bilan berilgan. Yangi pasport olganidan onaxon pasportni tekshirmasdan, uyga shoshadi. Kelini qiziqish bilan unga qarar ekan, xatolikni ko‘rib kuladi. 

Pasportning “jinsi” deb yozilgan joyida tuman migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi mutasaddilarining beparvoligi va e’tiborsizligi sababli go‘yo kichik yanglishmovchilik yuz beradi. Jinsi “ayol”deb yozilishi o‘rniga “erkak” so‘zi ketib qoladi. 

Yaqinda 63 yoshga kirgan onaxon bir yildan ortiq vaqt davomida sarsonu sargardon bo‘ldi. Pasportimdagi yozuvlarni to‘g‘irlab beringlar, deb ertasi kuniyoq qilgan murojaati qachonki yangi pasport olish uchun to‘lanadigan boj, ya’ni 65 ming so‘m to‘lovni qayta amalga oshirgach bajarilishi aytildi.

– Nega hujjatni vaqtida puxta qilmadingiz? Pasportdagi bunday xatolik tufayli hozirgacha biror muammo tug‘ilmadimi? 

– Soddalik qilibmiz-da, bolam. Ko‘z qurg‘ur ham “zreniyasi” pasaygan, ochganim bilan o‘qiy olmayman-da. 3 ta farzandim bor edi. Bir o‘g‘lim 2003 yilda 25 yoshida qazo qilgan. Undan bitta nevaram yodgor qoldi. Ikkinchi farzandim Sobirjon Hakimov 44 yoshda edi. Pasport olayotgan kunlarim qazo qilib qoluvdi. 4 ta bolasi bilan kelinim bevo qoldi. Xarajatlar katta bo‘lib ketdi, bolajonim. Yana to‘lov qilasizlar, deyishganida pulim bo‘lmagan edi. Keyin kimlardir jarima ham to‘laysiz, deganiga qo‘rqib bormay yuraveribman-da. Muammo hozircha bo‘lgani yo‘q. Pensiyamni vaqtida olib turibman. Ilgari maktabda oshpaz bo‘lib ishlaganman. Biroz yig‘inib, bu yil Shohimardonga dam olishga bormoqchi edim. Ammo u yerga borib kelganlar chegaradan sizni bu holatda o‘tkazishmaydi, deyishdi. Borib yurmang, qamab qo‘yishlari mumkin, deb hazilu chin aytishdi. Shunga qo‘rqib yuribman. Lekin har safar pasportimni ochganimda meni “erkak” deb yozishibdi, deya o‘zimcha kulib qo‘yaman.

Kulgu-kulgi bilanu, bunday qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yish uyat emasmi?! Ustga-ustak, nega xatolikni tovonini onaxondan undirishga harakat qilishdi? 

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaro X.Hakimova pasportini qayta olish choralari ko‘rildi. Profilaktika inspektori va sektor rahbarining o‘z hududida uyma-uy yurib, muammolarni vaqtida aniqlamagani sabab, ishchi guruhi oldida ularning yuzi qizardi. 

Laziz Rahmatov,

jurnalist

Manba: uza.uz 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!