Ilgari podsholar to‘y qilsa, och-nahor insonlarga ehson sifatida dasturxon yozgan. Bugunchi?!

Ilgari podsholar to‘y qilsa, och-nahor insonlarga ehson sifatida dasturxon yozgan. Bugunchi?!

Bolalik davrlarimni eslayman. U paytlar hamma narsa boshqacha rangda bo‘ladi. Ayniqsa, to‘y-marosimlar. “Bitta mulla, bir kalla qand”, deganlaridek, to‘y qilish hozirgidek qiyin masala emasdi.

O‘qigan ertaklarimizda esa podsholar qirq kecha-kunduz to‘y qilib, unda mingta tuya va mingta qo‘y so‘yib, kambag‘allarga tarqatgani aytilardi... Tinch yurtda yashayapmiz, halqimizning egni butun, dasturxonimiz to‘kin. Ammo tan olish ham kerak, keyingi paytlarda elning og‘ziga tushgan ayrim to‘ylarni kuzatsak, o‘sha ertaklarda podsholar tomonidan qilingan xatti-harakatlar ayrim fuqarolar tomonidan takrorlanayotgani odamni ajablantiradi. Oxirini surishtirsangiz, o‘g‘lini uylantirish yoki qizini chiqarish uchun oila kattalari, erkak yoki ayol horijda mashaqqat chekayotgan, musofirlikda yurgan bo‘ladi. Kim uchun, 1000 kishilik to‘y uchunmi? Odamlar maqtab gapirishlari uchunmi? Arzimagan yaltir-yulturlar uchunmi? Bular yoshlarning baxtli yashashlari uchun kafolat bo‘la oladimi?

Albatta, har bir davrning o‘ziga xos an’analari, odatlari va marosimlari bo‘ladi. Yoshimiz ulg‘ayib, hayotda ma’lum bir pog‘onani egallab, qiz uzatib, kelin tushirib, shu narsaga amin bo‘ldikki, qo‘limiz ochiqligi, saxiyligimiz haddan ortib, endi dunyoga kulgi bo‘lishni boshladik. Aniqrog‘i, xorijliklar bizdagi isrofgarchiliklarni ko‘rib, bizni mazax qilyapti.

Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qo‘shma qaror bu muammoga yechim bo‘ladi, deb o‘ylayman. Har narsada chegara, me’yor bo‘lgani yaxshi.

To‘ylarni ixcham, kamchiqim va kamxarj tarzda o‘tkazish, milliy qadriyatlarimizga mos bo‘lmagan turli odatlardan voz kechish va buni yoshlar ongiga singdirib borish oliy ta’lim tizimida yoshlarga saboq berayotgan biz kabi professor-o‘qituvchilarning ham asosiy vazifalaridan biri, deb bilaman. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, ziyolilar bu borada barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak.

Auditoriyaga kirganda, talabalar bilan muloqot davomida, turli tadbirlarda o‘zimiz hayotda guvoh bo‘lgan voqealar, ibratli hodisalar va hayotiy tajribalarimizdan ularga gapirib berishimiz, yoshlarning saboq olishlari va hayotda noto‘g‘ri yo‘lni tanlamasliklari uchun avvalo, o‘zimiz ularga ibrat bo‘lishimiz kerak.

Asadulla DAMINOV,

veterinariya fanlari doktori, professor

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!