Ijtimoiy tarmoqlar haqida mulohaza

Ijtimoiy tarmoqlar haqida mulohaza

Agar siz ijtimoiy tarmoqlardagi diniy-ma’rifiy kanallardan 5 tasiga a’zo bo‘lsangiz va bu kanallardan har kuni sizga kamida 5 tadan xabar (diniy masalalar, fatvolar, ma’lumotlar, oyat va hadislar, ibratli hikoyalar, rivoyatlar va hokazo)lar kelib tursa, siz kuniga 25 ta diniy mavzudagi xabarlar bilan ta’minlangan bo‘lasiz. Bu ko‘rsatkich 10 kunda 250 ta, 1 oyda 750 ta, 1 yilda 9000 tani tashkil etadi. Agar 10 ta kanalga a’zo bo‘lsangiz, siz 1 kunda 50 ta, 10 kunda 500 ta, 1 oyda 1500 ta, 1 yilda 18000 ta ma’lumotlardan xabardor bo‘lgan bo‘lasiz.

Kuniga 50 ta dinga oid xabarlarni o‘qigan inson bir yilga bormay «allomayi zamon» bo‘lmasada, salkam olim bo‘lishi kerak, aslida. Lekin bu kabi «olimlar» (ya’ni ijtimoiy tarmoqlardan kelgan xabarlar asosida olim bo‘lganlar)ni haligacha uchratganimiz yo‘q.

Bu (ijtimoiy tarmoqlar orqali olim bo‘la olmaslik)ning bir qancha sabablari bo‘lib, men ba’zilarinigina eslatib o‘tmoqchiman:

Birinchidan, kelayotgan ma’lumotlarni hammasini o‘qimaymiz. Bunga, asosan, yo vaqtning tig‘izligi, yo erinchoqlik sabab bo‘ladi. Chunki biz shu darajada ko‘p kanallarga a’zo bo‘lganmizki, ulardan kelayotgan xabarlarni o‘qishga «qo‘rqib» qolganmiz.

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarga ilm olish maqsadida kirmaymiz va xabarlarni diqqat bilan o‘qimaymiz. Odatda, ijtimoiy tarmoqlarga bo‘sh yoki zerikkan paytimizda kiramiz: transportda ketayotganimizda, kimnidir kutib qolganimizda, yolg‘iz o‘zimiz qolib, nima qilishimizni bilmay turganimizda (bu kulguli holat) va hokazo. Bunday holatda biror ma’lumotni o‘qib, uni «hazm qilish» qiyin, albatta. Shuning uchun biz bu xabarlarni shunchaki, vaqtimizni bir amallab o‘tkazish uchun mutolaa qilamiz. Bu esa ma’lumotni yetarlicha anglashimizga yo‘l bermaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallardan biror ma’lumot yoki xabarlarni o‘qiyotganimizda bizni chalg‘ituvchi holatlar ko‘p bo‘ladi: reklamalar, do‘stlarimizning bizga maktub (sms) yozib qolishi, ularga javob qaytarish va hokazo. Vaholanki, ilm bu tarzda o‘rganilmaydi.

Uchinchidan, ma’lumotlarni o‘qishdagi tartibsizlik. Bu ham biz a’zo bo‘lgan kanallarning ko‘pligi va turli tumanligi sababidandir.

To‘rtinchidan, bizga kelayotgan xabarlarning hammasi ham manfaatli emas. Ba’zi diniy nom ostidagi kanallar obunachilari sonini ko‘paytirish maqsadida odamda hayajon uyg‘otadigan xabarlarni, garchi bu xabarlar befoyda va tuturuqsiz bo‘lsada, tarqatishadi. «Xayrli kun»ni «xayrli tun»ga ulab, kun davomida manfaatsiz ma’lumotlar bilan obunachilarini «bahramand» qiladigan kanallar ham anchagina. Shuning uchun, iloji boricha kanallar sonini ko‘paytirmaslik va ma’lumotlarni ilmiy, ishonchli va batartib shaklda ulasha oladigan kanallargagina a’zo bo‘lish lozim...

Shu va boshqa sabablar tufayli ijtimoiy tarmoqlardan o‘rganayotgan ilmimiz biz uchun ko‘p ham manfaatli bo‘lavermaydi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqlardan ham ilm olish mumkin. Lekin ilmning barakasi, lazzati, mashaqqati va rohatini ular orqali (ya’ni, ijtimoiy tarmoqlardan) his qilib bo‘lmaydi.

Eslatma: Ayni damda bizlar Robi’ul avval – «Mavlid» oyining boshlarida turibmiz. Keling, shu bir oy ijtimoiy tarmoq (Feycbuk, instagram va telegram)lardan uzilaylikda, asri saodatga sayr qilaylik. Hech bo‘lmaganda, mana shu bir oy e’tiborimizni ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan bashariyat sayyidi bo‘lmish Zotning ibratli hayotiga qarataylik. Hech bo‘lmaganda, mana shu bir oy davomida qalbimizni internetga emas, siyrat kitoblariga bog‘lab yashaylik.

Balki shunda ilm nuri bizlarga yuqar. Balki shunda qalbimiz Allohning zikriga yumshar...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!