“Hindiston – hindlar uchun” g‘oyasi g‘olib chiqdi

“Hindiston – hindlar uchun” g‘oyasi g‘olib chiqdi

Hindistonda sayyoramizdagi eng yirik va ommaviy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Jahondagi eng yirik demokratiya mamlakatida sifatida ta’riflanadigan bu ertaknamo mamlakatda parlament deputatlari saylandi. Ovoz berish jarayoni esa olti hafta davom etdi, unda 550 milliondan ziyod inson yoki Yer shari aholisining 7 foizi qatnashdi. 2019 yilgi saylovlar yetti bosqichda va turli mintaqalarda 11 apreldan 19 maygacha o‘tkazildi. Hindistondagi saylovni o‘tkazish uchun 11 milliondan ziyod kishi jalb etildi. Butun mamlakat bo‘ylab bir milliondan ziyod, hatto dengiz sathidan 4650 metr balandlikdagi Himalayda saylov uchastkalarini tashkil etish va xavfsizlikni ta’minlash uchun shu qadar ko‘p xodim kerak bo‘ldi. Mamlakatning borish qiyin eng chekka hududlariga saylov komissiyasi xodimlarini nafaqat samolyot, vertolyot va avtomobillarda, balki fil va tuyalarda ham yetkazishdi. Saylov uchastkasida 1 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa ham, barchaga ovoz berish imkoniyatining ta’minlangani aholini mamnun etdi.

Hindistondagi aholi eng zich, 200 milliondan ziyod aholi yashaydigan Uttar Pradesh shtatida blankalarni to‘ldirish va takroriy ovoz berishlarning oldini olish maqsadida saylov chog‘ida 3,5 million litrdan ziyod siyohga buyurtma qilindi, shu maqsadda ovoz berib bo‘lgan saylovchining ko‘rsatkich barmog‘iga ketishi qiyin bo‘lgan maxsus siyoh urildi. Mazkur saylov kompaniyasi ham dunyodagi eng qimmatlaridan bo‘ldi. Saylovga nomzodlar va siyosiy partiyalar 7 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflashdi, buni qarangki, kampaniyaning bosh mavzularidan biri iqtisodiy masalalar, shu jumladan, ishsizlikning oshib borayotgani bo‘ldi. Xarajatlarning katta qismi ijtimoiy tarmoqlarga, transport xarajatlari va reklamaga ketgan.

Siyosiy tanlov natijalariga ko‘ra, unda hukmron millatchi partiya -amaldagi Bosh vazir Narendra Modi boshchiligidagi “Bxaratiya Janata Parti“ g‘alaba qozondi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u parlament quyi palatasidagi 545 o‘rinning 350 tasini egallaydigan bo‘ldi. Palataning avvalgi tarkibida ular jami o‘rinlari 282 mandatdan iborat bo‘lgan.

Parlament saylovida Modining asosiy raqibi “Hindiston milliy kongressi” bo‘ldi. Uning yetakchisi, mustaqil Hindistonning birinchi bosh vaziri Javoharlal Neruning avlodi, Rajiv Gandining o‘g‘li Raxul Gandi Modini bir necha bor hindcha demokratiyani vayron qilishda, mamlakatdagi dinlararo mojaroni avj oldirish, barcha hindistonliklarni emas, aksincha, ko‘pchilikni tashkil etuvchi induizmga e’tiqod qiluvchilarninggina manfaatlarini ko‘zlashda aybladi. Bundan ko‘rinadiki, “Hindiston milliy kongressi”ni amaldagi Bosh vazirning “Hindiston – hindlar uchun” shiori ko‘proq tashvishga solayapti. Musulmonlar mamlakatdagi eng yirik diniy ozchilik bo‘lib, uning soni asta-sekin o‘sib hozirgi paytda aholining 14 foizidan o‘tdi. Induistlar esa salkam 80 foizni tashkil etadi.

Siyosatdonlar Modini ko‘pincha Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanyoki AQSh Prezidenti Donald Trampga qiyoslashadi. Bunday taqqoslashning bosh sababini induscha millatchilik va musulmonlarga nisbatan kamsituvchi bayonotlari bilan izohlash mumkin. Narendra Modi induscha millatchilik g‘oyalarini ilgari surishi, maktab darsliklarida induscha dinning ahamiyatini targ‘ib etish takliflari bilan ma’lumu mashhur. Modi partiyasi saylovoldi kurashida qo‘shni mamlakatlarning Hindistonda istiqomat qilayotgan indus, sikx va buddachi muhojirlariga fuqarolik berishni ko‘zda tutgan qonunni qabul qilishga va’da berdi. 2018 yilning iyulida Bangladesh bilan chegaradosh Assam shtatida saylovchilarning yangi ro‘yxati chop etildi. Undan o‘zining hind fuqarosi ekanligini tasdiqlab bera olmagan 4 million kishi chiqarib tashlandi. Xullas, tanqidlarga qaramay, Bosh vazir aholining ulkan qo‘lloviga ega, so‘nggi saylov natijalari ham buni tasdiqladi. Aksincha, “Hindiston milliy kongressi” 20 foiz kamroq ovoz to‘pladi, bu mamlakatdagi bosh muxolif partiya uchun misli ko‘rilmagan past raqamlar sanaladi. Fevral oyi oxiri martning boshlarida Pokiston bilan yuz bergan mojaro soyasida Modining obro‘si oshib ketdi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. O‘shanda 46 nafar hind harbiylari o‘ldirilishiga javoban HindistonKashmirning Pokiston nazoratidagi qismiga bir necha havo zarbalari bergan edi. Rasmiy Dehli Pokistonni to‘la yakkalab qo‘yishga va’da ham bergan. Bu harakatlar BJPning elektoral bazasining asosini tashkil qilgan induistlar orasida vatanparvarlik kayfiyatini kuchaytirib yubordi. Time jurnalining yozishicha, ko‘plab hindlar bosh diniy jamoaga mansub bo‘lsa-da, mamlakatda musulmonlar soni va roli oshib borayotganidan xavotirda. Shu sababli vatan uchun turib berishga tayyor, uni tashqi va ichki xatarlardan himoya qila oladigan rahbar siymosi saylovchilarni amaldagi partiyaga ovoz berishga undadi. Aholining aksariyati Modini davlat va e’tiqodning himoyachisi sifatida ko‘rishga odatlanib qoldi. O‘tgan galgi saylov oldidan siyosatchi Hindistonni “iqtisodiy va harbiy buyuk davlat”ga aylantirishga va’da berdi. 2019 yildagi saylovga atigi ikki hafta qolganda esa Hindiston past orbitadagi yo‘ldoshni urib tushirganini, bu milliy fazoviy dasturning ulkan yutug‘i bo‘lganini e’lon qildi.

Eng muhimi, hind saylovchilari o‘z faolligini namoyon etdi. Kunning issig‘iga qaramay, saylov uchastkalariga 814 million ro‘yxatga olingan saylovchining 550 milliondan ko‘prog‘i yoki 64 foizi qatnashdi. Oxirgi marta bu qadar faollik 30 yil muqaddam, millatning sevimli rahbari bosh vazir Indira Gandi o‘ldirilganidan keyin o‘tkazilgan saylovda kuzatilgandi. Saylovga hozirgi qiziqishning asosiy sababi esa Hindiston milliy kongressiga nisbatan yig‘ilib qolgan norozilik bilan izohlanadi. Neru-Gandi sulolasining a’zolari boshqaradigan partiya 2004 yilgacha hokimiyatni muttasil boshqarib keldi.Saylovoldi kampaniyasida raqiblar HMKni bir necha o‘n yilliklar mobaynida bir qator birinchi darajali iqtisodiy muammolarni yecha olmaslik, korrupsiyaga barham bera olmaslik, qat’iy tashqi siyosat yurita olmaslikda aybladi. Bu holatlardan BJP partiyasining yetakchisi oldin ham, bu safar ham unumli foydalandi. Hindlar Modi partiyasi uchun ovoz berar ekan, nafaqat uning dasturi uchun, balki korrupsiya, rahbariyatdagi noprofessonallik va sulolaviy boshqaruvga qarshi ovoz berdilar.2014 yilda Modi iqtisodiyotni qayta oyoqqa turg‘azish, eskirgan infratuzilmani zamonaviylashtirish, korrupsiyani bartaraf etishga va’da bergandi. Garchi iqtisodiyot Xitoyga qaraganda yuqori sur’atlarda o‘sganiga qaramay, ishsizlik kamaymadi, ko‘plab qishloqlarda misli ko‘rilmagan qashshoqlik hukmron. Bu omillar aslida 48 yoshli Raxul Gandiga qo‘l kelishi kerak edi. U hatto Modini millionlab ish o‘rinlari yaratish, poraxo‘r amaldorlar noqonuniy o‘zlashtirgan va xorijda yashirilgan “qora pullar”ni davlat g‘aznasiga qaytarish va’dalarini bajara olmaslikda aybladi. Darhaqiqat, eng o‘tkir ijtimoiy muammolar yechilmay qoldi. Biroq HMK mag‘lubiyat uchun o‘ch ololmadi. Avvalo, Modi Raxulga qaraganda birmuncha notiq. Ikkinchidan, hindlar qalbidagi istaklarni ifodalay olish orqali ularning ko‘ngliga yo‘l topa olgan.

Modining yana bir omadi shundaki, u uzoq yillar Pokiston bilan chegaradosh, mamlakat g‘arbidagi Gujarat shtatini boshqargan. Birinchi vazir sifatida shtatga sarmoyalar jalb eta oldi, uni farovon hududga aylantira oldi. Uning tashabbusi ostida ikki yilda bir “Jo‘shqin Gujarat” anjumani o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bilamiz, uning so‘nggi xalqaro anjumanida O‘zbekiston Prezidenti ham ishtirok etgandi. India Today jurnaliga ko‘ra,2006 va 2011 yillarda Hindistonning eng yaxshi birinchi vaziri sifatida e’tirof etilgan. Hindlar uning Gujarat shtati tajribasini butun mamlakatga yoyish siyosatini olib borayotganligiga ishonmoqda. Shunga qaramay, bo‘lg‘usi hukumat oldida o‘ta murakkab vazifalar ko‘ndalang. Hindistonda 25 yoshgacha bo‘lgan 600 million yoshlar armiyasi bor. Ularga ta’lim berish, munosib ish topib berish oson bo‘lmaydi.

2014 yilda bo‘lgani kabi hind gazetalari Raxul Gandini bosh mag‘lub sifatida tilga olmoqda. Saylov e’lon qilingan 23 mayni uning uchun “qora kun” bo‘ldi deyish mumkin. Indira Gandining nabirasi mamlakatni 50 yil boshqargan siyosiy sulolaning umidlarini oqlamadi. O‘tgan saylovda unga “cho‘ntagi bo‘sh kostyum” laqabini berishgani yana bir marta o‘zini oqladi. HMK rahbariyati partiyaning saylovdagi mag‘lubiyati uchun mas’ul ekanligini ta’kidlash bilan birga, yangi tuziladigan Vazirlar mahkamasiga omad tiladi hamda mag‘lubiyat va g‘alabalarni demokratiyaning bir qismi deb atadi.

Ko‘pchilikni Hindiston tashqi siyosati qanday bo‘ladi, degan savol qiziqtiradi. Eski yangi rahbariyat davrida tashqi siyosat tubdan o‘zgarmaydi. Rasmiy Dehli diplomatiyasi pragmatizm va uzluksizligi bilan ajralib turadi. Saylovoldi kompaniyasida Modi Pokiston sha’niga keskin bayonotlar aytishdan o‘zini tiyib turolmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Hindiston “bomba portlashlari va otishmalar bilan o‘rab olinmasa” muzokaralar davom ettiriladi. Xitoy bilan bahsli masalalarda ham qattiq pozisiya saqlab qolinadi, ammo savdo-sotiq kuchaytiriladi. Global yetakchi AQSh bilan munosabatlar yanada mustahkamlanishi turgan gap. Chunki Vashington Dehlining bosh savdo hamkori. Ular o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 100 milliard dollardan iborat. Shu nuqtai nazardan, Narendra Modi Vashington bilan turli xalqaro masalalarda, xususan, Eron bilan bog‘liq mavzuda Vashington bilan tortishib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmasa kerak. Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan qaror topgan an’anaviy do‘stlik aloqalari ham mustahkamlanish yo‘lidan borishi aniq. Mamlakatda yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikka barham berish,, qashshoqlikni kamaytirish uchun astoydil bel bog‘lagan Hindiston hukumatiga yangi bozorlar kerak. Shu ma’noda, rasmiy Dehli tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri SHHTga a’zo davlatlar bilan yaqinlashishga qaratiladi.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!