Gruziya prezidenti “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni sudga berdi

Gruziya prezidenti “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni sudga berdi

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili mamlakat Konstitusiyaviy sudiga yaqinda qabul qilingan “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda 15-iyul, dushanba kuni Gruziyaning Mtavari telekanali parlament kotibi Giorgiy Msxiladzega tayanib xabar berdi.

“Prezident birinchi marta Gruziya Konstitusiyaviy sudiga “Rossiya qonuni” deb ataladigan “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga bog‘liq da’vo arizasi bilan murojaat qilmoqda. Bu qonun konstitusiyaga ziddir”, - dedi Msxiladze matbuot anjumanida

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zurabishvili qonunni to‘xtatib turishni va butunlay bekor qilishni talab qilmoqda.

Paper Kartuli Telegram kanali yuridik fanlar doktori Kaxa Uriadmkopeliga tayanib yozganidek, Konstitusiyaviy sud da’vo ko‘rib chiqilayotgan vaqtda qonunni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Avvalroq Gruziya parlamentining ta’lim, fan va yoshlar masalalari qo‘mitasi rahbari Givi Mikanadze “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun “bir necha haftadan keyin kuchga kirishi”ni aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi o‘rtalarida Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi va yakuniy o‘qishda qabul qildi. Bir necha kundan so‘ng Zurabishvili bunga veto qo‘yganini e’lon qildi, keyin parlament uni bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!