Etim bolalar huquqlari qanday ta’minlanadi?

Etim bolalar huquqlari qanday ta’minlanadi?

Mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlashda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, yetim bolalar huquqlarini himoya qilish, xususan, ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘ini saqlash, hayotga moslashishiga huquqiy sharoit yaratish bo‘yicha alohida qonun qabul qilinmagan. Shu bois ayrim holatlarda yetim, ota-ona qaramog‘idan mosuvo bolalarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, hattoki, uy-joyga ega bo‘lishga doir huquqlarini ta’minlash masalasi dolzarb hisoblanadi. 

Parlament quyi palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Mehribonlik uylarida ta’lim-tarbiya olayotgan voyaga yetmaganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, yetim bolalarning yashash va ta’lim olish huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan xalq ta’limi vazirining axboroti yuzasidan o‘tkazilgan qo‘mita eshituvida ushbu masala muhokama markazida bo‘ldi. 

Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bolalar va yoshlarning jismoniy, intellektual, ma’naviy rivojlanishi uchun qulay, eng yaxshi sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Shuningdek, ko‘p bolali oilalarni, yetim, oila muhitidan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Mamlakatimizning 1992 yil 9 dekabrda “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilgani, o‘z navbatida, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishiga asosiy turtki berdi. O‘tgan davr mobaynida sohaga doir munosabatlarni huquqiy tartibga solishga oid boshqa bir qator qonunlar qabul qilinishi, qolaversa, bola huquqlarini ta’minlash, himoya qilish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangani diqqatga molikdir. 

Bola huquqlarini ta’minlashda keyingi yillarda Prezidentimizning qator farmon va qarorlari ham qabul qilinib, sohalar kesimida ijroga qiritildi. Jumladan, ta’lim tizimida 11 yillik umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi, kasb-hunar ta’limining 11 yillik baza negizida qabul qilinishi, intellektual bolalarning ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, kasb-hunar ta’limining ixtiyoriyligi, oliy ta’limda kvotalangan o‘rinlarning joriy etilishi, eng muhimi, maktabgacha ta’lim-tarbiyaning alohida yo‘nalishda belgilanishi uchun samarali mexanizm yaratib berildi. 

Biroq fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, joylarda yoshlar huquqlari, ayniqsa, bola huquqlarini ta’minlash borasida bir qator muammolar kuzatilayotgani qayd etildi. 

Eshituvda deputatlar ana shunday muammolarni o‘rtaga tashladi. Xususan, deputatlar o‘rganishlarda Toshkent shahrida 2017-2018 yillar davomida uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalarning 118 arizasi ro‘yxatga olingani, shundan 50 nafari bugungi kunga qadar hal etilmaganiga e’tibor qaratdilar. Toshkent viloyatida o‘tgan yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj 17 bolaga uy-joy ajratishda muammo yuzaga kelgan, qolgan viloyatlarda ham 10 dan ziyod arizalar kelib tushgan. 

Turar joyga muhtojlar respublikaning barcha hududlarida hisobga olingan bo‘lishiga qaramasdan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 2017 yilda birorta ham shaxs turar joy bilan ta’minlanmagani taajjubli. Turar joyga muhtojlarning eng katta ko‘rsatkichi Toshkent shahri hissasiga (235 nafar) to‘g‘ri kelsa, keyingi o‘rinlarda Toshkent (81 nafar), Navoiy (73) viloyatlari qayd etilgan. 

Shuningdek, deputatlar tomonidan joylardagi o‘rganishlarda Mehribonlik uylari faoliyati aksariyat hollarda tashqaridan kelayotgan tekshiruvchilar uchun tayyorlanayotgani, ayrim muassasalarda pedagogik faoliyatning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, bolalarning nazoratsiz qolishi kuzatilgan. 

Yakunda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!