DXX xodimlari katta miqdordagi giyohvand moddalarni musodara qildi

DXX xodimlari katta miqdordagi giyohvand moddalarni musodara qildi

DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida Denov tumani tibbiyot birlashmasida haydovchi bo‘lib ishlovchi, 1984 y.t. shaxs 3 kg. 857 gr. “opiy” moddasi bilan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida giyohvand moddani mazkur shaxsning Tojikiston Respublikasidagi jinoiy aloqalari kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimiz hududiga o‘tkazib berganliklari ma’lum bo‘ldi.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Chust tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirida ham katta miqdordagi giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi.

Xususan, tezkor tadbir davomida Uychi tumanida yashovchi, 1987 y.t. shaxs va uning jinoiy sherigi Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan 6 kg. 813 gr “gashish” moddasi prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

DXX xodimlari tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyati Qorasuu tumanida yashovchi, 1983 y.t. Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi va uning jinoiy sherigi bo‘lgan 1959 yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, Rossiya Federasiyasi fuqarosi ushlanib, ulardan 1 kg. 413 gr. “gashish” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, ushbu ajal og‘usi kelgusida sotish maqsadida qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan mamlakatimiz hududiga olib o‘tilgan.

Qo‘qon shahrida yashovchi, 1981 y.t. fuqaro noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati Qizilqiya shahriga borib, Azamat ismli shaxs bilan uchrashadi va unga 1 kg “gashish” moddasini Farg‘ona shahriga yetkazib berish sharti bilan 2 ming AQSh dollari berib, yashash manziliga qaytib keladi.

Oradan ma’lum muddat o‘tib, u Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona - Qo‘qon” yo‘nalishida qatnovchi avtomashinalar turargohida giyohvand moddani qabul qilib olib, Qo‘qon shahri tomon yo‘l olganida DXX xodimlari tomonidan ushlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, undan prosessual tartibda olingan “gashish” moddasining sof og‘irligi 911 grammni tashkil etdi.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda esa Quva tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilgan “Jentra” rusumli avtomashina yo‘lovchisi, Oltiariq tumanida yashovchi, 1974 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning yonida 599 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 3 kg. 857 gr. “opiy” va 9 kg. 736 gr. “gashish” giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!