Ispaniya to‘rt davlat bilan birga Falastin davlatini tan olishni rejalashtirmoqda

Ispaniya to‘rt davlat bilan birga Falastin davlatini tan olishni rejalashtirmoqda

Ispaniyadagi so‘l koalisiya hukumati to‘rt davlat bilan bir qatorda Falastin davlatini tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilmoqchi. Bu haqda Ispaniya tashqi ishlar vazirligidagi manbalar Anadolu agentligiga ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra, bosh vazir Pedro Sanches va tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares tomonidan bir necha bor bildirilgan Falastin davlatini tan olish tashabbusi juda yaqin vaqt ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, Ispaniya to‘rt davlat bilan birgalikda harakat qilishi kutilmoqda, ular avvalgi qo‘shma bayonotida zarur shartlar ostida Falastin davlatini tan olishga va’da bergan Malta, Irlandiya va Sloveniya, shuningdek, tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan Norvegiya.

«Yamayka bilan birgalikda Falastin davlatini tan olgan davlatlar soni 140 taga yetdi. Ispaniya va boshqa davlatlar ishtirokida bu raqam 145 taga yetishiga ishonamiz», - deydi manbalar.

Manbalarning qayd etishicha, tegishli qaror qabul qilingandan so‘ng doimiy sulh e’lon qilish uchun urushayotgan tomonlarga bosim kuchayishi kutilmoqda.

«Falastin davlatini tan olish Ispaniya hukumati va Bosh vazir Sanchesning saylovlardan oldin va keyin bergan va’dasidir. Umid qilamizki, bu tomonlarni muzokaralar stoliga qaytarishga yordam beradi. Bu ajoyib strategiya va hozir to‘g‘ri vaqt. Endi kutishning hojati yo‘q», - deydi manbalar.

Manbalarga ko‘ra, «qisqa muddatda zudlik bilan uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish, mahbuslarni so‘zsiz ozod qilish va hech qanday shartlarsiz mintaqaga insonparvarlik yordami oqimi ustuvor bo‘ladi».

«Uzoq muddatda bu ikki davlat yechimiga asoslangan qaytarib bo‘lmaydigan yo‘l xaritasini yaratish bilan bog‘liq bo‘lib, biz buni mintaqada tinchlik, farovonlik va xavfsizlikning yagona yo‘li deb bilamiz. Bu Falastin xalqining umidi va Isroil xavfsizligini kafolatlash uchun talab qilinadi. Hamasning bu jarayondan butunlay chetda qolganini ko‘ramiz. XAMAS mintaqada tinchlik uchun sherik emas», - deydi manbalar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!