«Shahrisabz IHT turizm poytaxti» tadbirlari davom etmoqda
Bugun, 25 aprel kuni «Shahrisabz – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti» xalqaro tadbir doirasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda IHT bosh kotibi Husrav Noziri, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Boriyev hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Shahrisabz shahrida va butun Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish, ekoturizm, etnoturizm soghalar salohiyatini yuksaltirish, hududning nomoddiy merosini keng ochib beruvchi madaniy tadbirlar, turizm tadbirkorligi, shuningdek, yoshlarning faolligini oshiruvchi ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, Shahrisabz shahriga «Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti» maqomi berilishi ahamiyati va kelajakda turizm sohasida kelajakda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Matbuot anjumanidan so‘ng yuqori martabali mehmonlar va ishtirokchilar IHTga a’zo davlatlarning yetakchi rassomlari ishtirokida «plener» natijalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga tashrif buyurdilar. Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan 27 mart — 6 aprel kunlari tashkil etilgan plenerda Pokiston, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonlik eng nufuzli rassomlarning Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixi va bugunini ifodalab beruvchi ijod namunalari namoyish qilindi.
Shu kunning o‘zida IHTga a’zo davlatlardan tashrif buyurgan mashhur oshpazlar ishtirokida «Shahrisabz pazandalik bellashuvi» xalqaro gastronomik festivali o‘tqazildi. Festivalda 30 ortiq oshpazlar o‘z milliy taomlari bilan qatnashdilar.
Shahrisabz — O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri. Samarqanddan Shahrisabzgacha bo‘lgan masofa taassurotlarga boy. Magistral Zarafshon tizmasidagi Taxtaqoracha dovonini XIII asrda mashhur italyan sayyohi Marko Polo kesib o‘tgan. O‘rta asrlarda «Kesh» nomi bilan atalgan Shahrisabz bugungi kunda O‘zbekistonning turizm sohasiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Shahrisabzdagi tadbirlar ertaga ham davom etadi.