O‘zbekistonda yozning birinchi oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi

O‘zbekistonda yozning birinchi oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi

Ma’lum qilinishicha, XXI asrdagi ko‘pgina iyun oylari kabi, bu yilning iyun oyi ham issiq bo‘ldi. O‘rtacha oylik harorat me’yordan 1-2,5 darajaga ko‘p bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida 2024 yil iyun oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi.

Toshkentda o‘tgan iyun oyi 2021 va 2023 yillarning iyun oylaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi, ular me’yordan 2,8-3,2 darajaga issiqroq bo‘ldi. Oy davomida harorat foni deyarli tekis bo‘lishi qayd etildi. O‘zbekiston hududining katta qismida iyun oyida maksimal harorat asosan 32-37 daraja, janubda va cho‘l hududlarda 36-41 daraja atrofida bo‘ldi.

Eng issiq ob-havo 27—28 iyun kunlari kuzatildi. Ushbu kunlarda harorat 39-41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 42-43 darajagacha ko‘tarildi. Bu iyun oyi uchun eng yuqori harorat qiymatlari emas. Iyun oyidagi maksimal havo harorati rekordlari 42-44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 45-47 darajani tashkil etadi.

Toshkentda 154 yillik meteorologik kuzatuvlar uchun 1914 yil iyun oyining mutlaq maksimal harorati 43,0 daraja bo‘lib qoldi. Ko‘pincha yoz faslida kuzatilgani kabi, 2024 yil iyun oyida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyun oyi ekstremal quruq oy deb tavsiflanishi mumkin. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori 0,0-4 mm, ayrim joylarda 6-11 mm bo‘ldi.

Faqat Andijon, Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimolida yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘ldi. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 15-22 mm ga yetdi. Yomg‘ir juda kamdan-kam hollarda yog‘di (oyda 1-3 kun) va qisqa muddatli xarakterga ega bo‘ldi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘irlar tez-tez kuzatildi va ayrim kunlarda yomg‘ir kuchli — bir necha soat ichida 10-20 mm gacha bo‘ldi. Bir oy davomida yog‘ingarchilikning umumiy miqdori 25-35 mm ga yetdi, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarining baland tog‘li hududlarida 60-100 mm gacha bo‘lishi kuzatildi.

Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida jala yomg‘irlar hisobiga sel-suv toshqin hodisalari yuzaga keldi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida shamolning kuchayishi 22-25 m/s ga yetdi. Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida shamolning kuchayishi changli bo‘ronlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 1000 m gacha yomonlashdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!