Deputat turk seriallaridan qutulish yo‘lini o‘rgatdi

Deputat turk seriallaridan qutulish yo‘lini o‘rgatdi

Ayni kunlarda O‘zbekistondagi deyarli barcha telekanallarni yoppasiga egallab olgan turk seriallari va ular orqali xalq ongiga singdirilayotgan g‘oyalar, ma’naviyatsizlik, buzuqlik muhokamalar maydonining asosiy mavzusi bo‘lib turibdi.

O‘tgan hafta Zo‘r telekanaliga murojaat qilib, Hovli serialini efirdan olib tashlashni talab qilgan qo‘qonlik tomoshabinning ovozli yozuvi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Uni yoqlab chiqqanlar qatorida, karshilar ham topildi.

Bu masala shunchaki chetda qolib ketmaydi. Hatto, deputatlar mavzuni muhokama qilishni boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev turk seriallari haqida o‘z munosabatini bildirib, ulardan qutulish yo‘llarini o‘rgatdi. Kusherboyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday yozadi:

Turk seriallarining yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’siri haqida ko‘p tanqidlar bo‘layapti. Yuz foiz qo‘shilaman, bunaqa seriallar yoshlar tugul yaxshigina oilalarni ham buzib qo‘yishi hech gap emas.

Oila a’zolarimni televizordan biroz uzoqlashtirish uchun nima qilsa bo‘larkin, degan savol anchadan buyon o‘ylantirib yurgandi. TV kanallar hali beri reyting ortidan quvib har qanday mazasiz narsalarni ko‘rsatishdan to‘xtamaydiganga o‘xshaydi.

Ishonasizmi oxiri yo‘lini topdim: oilamiz jam bo‘lib ovqatlanadigan xonamizdan televizorni haydadik yoki uni o‘zini tashlab boshqa xonaga ko‘chdik desa ham bo‘ladi. Natijada esa biz ko‘proq muloqot qilayapmiz, kim kun bo‘yi nima qildi, qanday yangiliklar kabi. Televizor esa har zamonda Bolajon da multfilm ko‘rish uchun yonadi, xolos.

Serial perialga joy ham vaqt ham yo‘q, vassalom. Tavsiya qilaman, o‘zgarishni darrov sezasiz.

TV kanallari insofga kelmaguncha televizordan holi turmush bilan yashashga qaror qilaylik .

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda O‘zbekistondagi Milliy , Sevimli , Zo‘r telekanallari turk seriallarini namoyish etishda peshqadam bo‘lib kelmoqda. Bu telekanallarda Muhtasham yuz yil , Istanbullik kelin , Fazilat xonim va qizlari , So‘yla, qora dengiz , Hovli , Tirilish. Erto‘g‘rul , Ayol , Hovli kabi turk seriallari namoyish etilmoqda. Bular orasida Zo‘r telekanalining Hovli va Sevimli telekanalining So‘yla, qora dengiz seriallariga nisbatan e’tirozlar juda ko‘p.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!