CCV: Respublika perinatal markazida yiliga 1500 nafardan ortiq erta tug‘ilgan chaqaloqlar reabilitasiya qilinmoqda

CCV: Respublika perinatal markazida yiliga 1500 nafardan ortiq erta tug‘ilgan chaqaloqlar reabilitasiya qilinmoqda

Onalar va bolalarda uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash, chaqaloq dunyoga kelgan zahoti undagi tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida mamlakatimizda malakali mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan qator tibbiyot muassasalari tashkil etilgan.

Respublika perinatal markazi — ular orasida eng yetakchisi. Prezidentimizning “2022–2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori asosida muassasa faoliyati yanada takomillashtirib borilmoqda.

— Qarorda 46 ta tumanlararo perinatal markazda chaqaloqlar reanimasiyasi bo‘limini ochish ko‘zda tutilgan, — deydi Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O‘rinboyeva. — Markazimiz mutaxassislari tomonidan tumanlararo perinatal markazlar xodimlari uchun maxsus dastur bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilib, trening va mahorat darslari o‘tkazib kelinmoqda.

Bundan tashqari, tumanlararo perinatal markazlarning moddiy-texnik bazasi xatlovdan o‘tkazilib, ehtiyojlari aniqlandi.

RPM mutaxassislari ham, o‘z navbatida, doimiy ravishda GIZ, UNFPA,UNICEF kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida Germaniya, Turkiya, Avstriya, Italiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda malaka oshirib kelmoqda.

Muassasaning I.V.Kulakov nomidagi ona va bola markazi, shuningdek, Rossiya Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi, Rossiyaning bosh bolalar jarrohi, Irkutsk shahridagi davlat bolalar klinik shifoxonasi bosh shifokori YU.A.Kozlov bilan imzolagan memorandumlar ham perinatal markaz xodimlarining o‘z tajribasini oshirishlarida qo‘l kelmoqda.

RPMning neonatal bo‘limlarida yiliga 1500 ortiq muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqori texnologik yordam ko‘rsatilib, parvarish va reabilitasiya qilinishi ular orasida nogironlik holatlarining ikki baravar kamayishiga olib keldi.

Markazda ikki, uch va to‘rt nafarlik egizak homilalarni tug‘dirish usullari ishlab chiqilgani ham diqqatga sazovor. Muassasada 2021 yilda va 2022 yil boshida o‘ttizga yaqin to‘rttalik egizaklar shu usulda dunyoga keltirilgan. Ularning barchasi muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlar hisoblandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!