“Bo‘ldi ajib hangomalar“ yoxud fermerning aybi nima?

“Bo‘ldi ajib hangomalar“ yoxud fermerning aybi nima?

Mashhur so‘z ustasi Hojiboy Tojiboyev bir askiyasida fermerning xorijdan naslli mol keltirib, mahalliy sharoitga moslashtirganiyu, chet ellik hamkorning o‘zi sotgan mollari achinarli ahvolga tushib qolganini ko‘rib, joniga qasd qilganini juda maromiga yetkazib aytgan va hammamizni kuldirgan edi.

Bu shunchaki tinglovchilarni kuldirish uchun ko‘pirtirib aytilgan gaplar edi. Rahmatli qiziqchi buni “osmondan“ olmagan, hayotimizda uchraydigan gap ekan. Qanday qilib, deysizmi? Unda eshiting, yo‘g‘-e, o‘qing!

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanilik “Asqar Ismoilov bog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari Bozor Ismoilovning ahvoli askiyadagidan-da ayanchli ekanidan na kulishingizni, na kuyishingizni bilasiz. Xorijdan keltirilgan naslli mollarni bugun parvarishlab katta qilgan egasi ham tanimaydi.

Bozor Ismoilov tumandagi ilg‘or fermerlardan. Har holda, o‘ziga to‘q, sharoiti yaxshi, imkoniyatlari keng. Fermer xo‘jaligi tasarrufida 25 gektar sug‘oriladigan yer maydoni mavjud. Kam bo‘lsa-da, 10-15 bosh qoramoli ham bor edi. Yaxshigina faoliyat yuritib kelayotgan fermerga tuman hokimligi mutasaddilari siz chorvani yaxshi tushunasiz, deb xorijdan naslli mol olib kelish taklifini berishdi. O‘z navbatida, fermer buning uchun katta mablag‘ va yer zarurligini aytdi. Mutasaddilar “Siz o‘ylamang, olavering, mablag‘ ham, yer ham hal bo‘ladi“, deyishdi. Xullas, fermerning “tashabbusi” dasturga kiritildi.

Avvaliga hammasi silliq ko‘chdi. Bankdan kredit masalasi tez hal bo‘ldi. Xalq bankining Chiroqchi tumani filialidan olingan 58 ming 750 AQSh dollari (480 million 692 ming 500 so‘m) miqdoridagi kredit evaziga 2018 yil 21 mart kuni Ukrainadan “Semental“ zotli 25 bosh naslli mol keltirildi. Omadning kelganini qarang, naslli mollar kelgan kuniyoq ko‘paya boshladi. Ishlari baroridan kelayotgan fermerning ko‘ngli chog‘. Qisqa fursatda zotli g‘unajinlarning har biridan bittadan sog‘lom buzoq olindi.

Endi naslli mollarning yem-xashak masalasini hal qilish kerak. Aks holda, erishilgan shuncha natija barbod bo‘ladi. Shu sababli o‘ziga qarashli fermer xo‘jaligi nizomini chorvachilikka ixtisoslashtirmoqchi bo‘ldi. Hamma mashmasha ana shundan keyin boshlandi.

– O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni 31-moddasiga binoan “Asqar Ismoilov bog‘i” fermer xo‘jaligini ko‘p tarmoqli “Chiroqchi tuman naslchilik xizmati” chorvachilik fermer xo‘jaligiga o‘zgartirishga ruxsat so‘rab murojaat qilmagan joyim qolmadi, – deydi B.Ismoilov. – Bundan tashqari, men taqdim qilgan loyihada 0,5 gektar maydonda zamonaviy molxona barpo etish ham ko‘zda tutilgan. Va’da qilingan yer esa hamon yo‘q. Chetdan keltirilgan mollarning har biri 30 litrgacha sut berayotgan edi. Hozir, ishonmaysiz, 3 litr ham bermaydi. Nega? Chunki yoz bo‘yi quruq somon yedi. O‘t yo‘q. To‘g‘rirog‘i, uni yetishtirishga yer yo‘q. Yer ajratishga va’da qilganlarning birortasini topib gaplashishning sira imkoni bo‘lmayapti. Mollarga qarab achinib ketasan kishi. Har kuni erta tongdan tuman hokimligiga boraman, lekin hech kim dardimni tinglamaydi. Bu orada mollardan bittasini o‘ldirib ham qo‘ydik. Mana uch oydirki, ahvol shu. Oz emas, ko‘p emas, sal kam yarim milliard so‘m kredit olganmiz axir. Ish shu tarzda davom etsa, qarzni qanday to‘laymiz? Bu turishda xonavayron bo‘lamiz-ku?!

Darhaqiqat, biz ham boshida ishonmadik, lekin fermerning uyiga borib ko‘rgach, ahvol chindan-da achinarli ekaniga guvoh bo‘ldik. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Tadbirkorlikka, tashabbuskorlikka intilishning badali shumi? Naqd 30 litr sut qayoqdayu, 3 litr qayoqda? Juda katta farqni anglash uchun hatto “qo‘shuv-ko‘paytiruv“ amalini bilish ham shart emas.

Mazkur masala yuzasidan tuman hokimligining birorta mutasaddisidan tayinli javob ololmadik. Kim bilan bog‘lanmaylik, “er masalasini biz hal qila olmaymiz, buni “kattalar” hal qilishadi”, qabilidagi bir xil javobni to‘tiqushday qaytarishadi. Tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulom To‘raqulovning javobi esa hammasidan oshib tushdi.

– Bunday odamni tanimas ekanman, bu masala bilan bir shug‘ullanib ko‘rishim kerak ekan, – dedi G‘.To‘raqulov. – To‘g‘ri, endi mol olib kelgan bo‘lsa, bordir. Bizga murojaat qilsin, shug‘ullanamiz. Shartli moli bo‘lsa, belgilangan tartibda yerini olaveradi. Hal qilib beramiz. Muammo yo‘q...

Antiqa holat. Fermer ikki oydan buyon hammaning eshigini qoqib chiqqan bo‘lsa-yu, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bundan bexabar. Axir bu naslli mollar respublika darajasida tasdiqlangan tegishli dastur asosida keltirilgan-ku!?

Xullas, masala hamon ochiqligicha qolmoqda. Vaqt esa kutib turmaydi. Ha demay, qish ham hech kimdan so‘ramay kirib keladi. Yetarlicha yem-xashak yig‘ilmasa, saqlash uchun molxona qurilmasa, oqibati bugungidan ham achinarli va ayanchli bo‘lishi mumkin.

O‘ylaymizki, mutasaddilar bu masalaga jiddiy e’tibor qaratadi. Fermerning muammosi hal etiladi. Yo‘qsa, ko‘p yillar ilgari aytilgan yuqoridagi askiya hayotda real voqeaga aylanishi mumkin.

Mavzuga yana qaytamiz.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!