Bu dunyoning odami emas edi

Bu dunyoning odami emas edi

Unutmas meni bog‘im...  

Taniqli tarjimon, dramaturg, publisist va shoir Mashrab Boboyevni yaqindan bilganlar samimiy, qalami o‘tkir, fikri teran, tafakkuri yorug‘ inson edi, deya ta’riflaydi. Darvoqe, adib haqiqatparast va e’tiqodi butun inson bo‘lgan. 

Mashrab Boboyev adib sifatida o‘tgan asrning 60-yillaridan matbuotda ko‘rina boshlagan. Uning “Onamga xat”, “Bahor kayfiyati”, “Paxtam mening – baxtim mening”, “Gurung”, “Kechki trolleybus”, “Bag‘ishlov”, “Olisdagi chiroq”, “So‘z”, “Men bilgan sir”, “Qani mening yulduzim?”, “Nomsiz yulduzlar” kabi o‘nlab kitoblari nashr bo‘lgan. Shuningdek, u “O‘ttiz yoshlilar”, “Er tomiri”, “Toshkentdan kelgan mehmon”, “Tunis prezidenti”, “Bizning hovli”, “O‘z uyingdasan”, “Qani mening yulduzim?”, “Suyanch tog‘lari” kabi bir qator sahna asarlari yozib, tomoshabinlar e’tiboriga tushgan. 

Ijodkorning “Iroda”, “Sevgi nidosi” va “Ko‘ngil ko‘chalari” deb nomlangan ko‘p qismli videofilmlari hamon muxlislar e’tirofida. 

Tarjimada ham o‘zini sinadi, nafaqat sinadi, balki asosiy ijod yo‘lini tarjima bilan bog‘ladi. Pushkin, Rasul Hamzatov, E.Mejelaytis va boshqa shoirlarning she’rlarini, V.Katayevning “Xayol chechaklari” romani, Muin Bsisuning “Tashrif qog‘ozi”, Otar Chiladzening “Rangin dunyo” she’riy kitoblari va yigirmadan ortiq dramatik asarni o‘zbek tiliga o‘girdi. 

Mashrab Boboyev 1995 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bialan taqdirlangan. 2003 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan. 

Bugun Mashrab Boboyevni yod etib o‘g‘li Anvar Boboyevning xotiralarini e’tiboringizga havola etayapmiz. 

Ijodkor, ota, bobo... 

Otam haqida gap ochilsa, ko‘pchilik Mashrab Boboyevni yaxshi bilishini aytadi. Lekin u kishining ota, bobo sifatida qanday inson bo‘lganidan kamdan-kam odam xabardor. 

Shunday esa-da, ijodkor haqidagi xotiralarni baribir ijodkor maqomidan boshlamoq kerak. Ijodkor Mashrab Boboyevni tasvirlash oson. 

Shinavanda, oqko‘ngil, kechirimli inson

Lekin hamma ham 1986 yili oilamiz Pushkin-Salordagi uyga ko‘chib kelganida otam aytgan gapni eslolmaydi. 180 xonadondan o‘ttiztasi Yozuvchilar uyushmasiga berilgan edi. Otam “yozuvchi emas, qo‘shni bo‘laylik” deganida, ko‘pchilik tilda qo‘llab-quvvatlagan, amalda esa teskarisini qilgan edi. 

“Men faqat gonorar hisobiga kun kechirishim mumkin”, “Faqat taksida yurishga ham qurbim yetadi” degan gaplarni farzandlaridan boshqalar ham eshitgan bo‘lishi kerak. Lekin arzon ijod unga zid edi. Otamning “Ruscha yozibdi” degan gaplarini ko‘p eshitganman. Uzoq vaqt qanday qilib o‘zbek tilida ruscha yozish mumkinligini tushunmay yurdim, keyinroq bilsam, oson ekan. 

“Pulni ko‘z oldiga keltirib ijod qilish mumkin emas!”

Mashrab Boboyev so‘zning o‘zi va so‘z ustalariga nihoyat darajada katta hurmat va hayiqish bilan qarar edi. Mirtemir domlani ustoz sifatida cheksiz hurmat qilishi “Surat” dostonidan chinakam hayratlanish, uning har satrini yoddan bilish bilan cheklanmasdi. Mirtemir domla hayotni tark etgan kuni hali hayot nimalardan iborat ekanini to‘liq ilg‘ab ulgurmagan go‘dak o‘g‘li tizzasini quchib yig‘lagani ham bu hurmatning oliy belgisi emas. Uzoq yillardan keyin shoir Otayorning Mirtemir otliq o‘g‘li o‘ziga haydovchi sifatida xizmat qilgan paytlari uni “domla” deya atagani haqiqiy ehtirom belgisi bo‘ldi. 

Mashrab Boboyevni ko‘pchilik, odob bilan aytganda, shinavanda inson sifatida yodga oladi. Aslida u kishi nihoyat darajada taqvodor bo‘lgan. Ko‘pchilik birga shinavandalik qilgan, lekin taqvo bobida kamchilik tenglashgan. Uning imoni shu qadar kuchli ediki, ruscha aytganda, yuqumlilik xislati ham bor edi. 

Bir ibratli voqea. Ilgari O‘zbekistonga boshqa “qardosh o‘lkalar” qatori Gurjistondan ham ko‘p adib kelardi. Simpozium, seminar va hokazo... Ayrim gurji adiblar biznikida mehmon bo‘lishardi. Bir safar ulardan biri o‘zbeklarning omin qilishiga hayron bo‘lgan. Otam aytganki, “bu – Yaratganga shukrona, eson-omon shu kunlarga yetkazgani, shu rizqni nasib etgani uchun Parvardigorga shukr aytish, xolos”. Oradan bir-ikki kun o‘tib, Samarqandda adabiy kecha bo‘lgan, uning yakunida yaxshigina ziyofat uyushtirilgan. Otam qandaydir sabab bilan gurji mehmon bilan yonma-yon o‘tira olmagan, faqat, har ehtimolga qarshi, uni uzoqdan kuzatib turgan. Alhissa shuki, ziyofat yakuniga yetganida gurjistonlik mehmon dasturxonga omin qilgan ekan. 

Ha, Xudo bitta! Lekin buni qaysi musulmon qaysi nasroniyga tushuntira oladi, qalbiga singdira oladi?! 

Mashrab Boboyevning “dori” ta’sirida ijod qilishi haqidagi tasavvurlarni ham guvoh sifatida butunlay inkor eta olaman. Otam ichganida qo‘liga qalam olmas edi. Bunga kimdir ishonmaydigan bo‘lsa, uning tarjimasidagi “Xayol chechaklari” (Valentin Katayev) romanini o‘qisin. Bu romanda Ivan Bunin bevosita mashinkada emas, qalamda yozishni tavsiya qiladi. Qalam bilan uni ushlagan qo‘l uyg‘unligi har bir harfiy xatoda, so‘zga xiyonatda buzilishi haqida gapiradi. Otam kitobning “kontrol” variantida bu gaplarning tagiga chizib qo‘ygan. 

Istiqlol. Otam O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin (“Ko‘ngil ko‘chalari” videofilmini hisobga olmaganda) ijodiy ishni to‘xtatib qo‘ydi. Men so‘raganim yo‘q. Biz, farzandlar umuman hech narsa haqida so‘ramas edik. Bir kuni u kishining o‘zi aytib qoldi: “Men faqat sho‘ro tuzumiga, mustamlakaga qarshi kurashganman. Bugun kurashga zarurat qolmadi...” 

Keyin sho‘ro zamonida ozodlik, hurriyat haqida she’r chop etish haqidagi bahslardan gap ketdi. O‘shanda kimdir bu mavzuda she’r chop etish u yoqda tursin, yozish ham mumkin emasligini gapiripti. O‘rtada bahs bog‘lanipti. Oradan bir necha kun o‘tgach, falastinlik shoir Muin Bsisuning she’ri gazetada bosilipti. Ha, Muin Bsisu ijodida unday she’r yo‘q, bu Mashrab Boboyevning Falastin shoiri nomidan chop ettirgan ozodlik haqidagi she’ri edi... 

Mashrab Boboyevni “shinavanda inson” deb bilganlarning yana bir xatosi uning oilaviy hayotini yaxshi bilmaganidir. Otam har yakshanba g‘usl qilib, bobomizdan meros qolgan Qur’onni o‘qirdi. 

Hali-hanuz otamni eslagan kishi faqat “shinavandalik” haqida gapirsa, dilga botadi. Otam buyuk insonlar haqida so‘z ketganda “u bu dunyoning odami emas” degan jumlani ko‘p takrorlardi. Endi bilyapmanki, otam ham bu dunyoning odami emasdi. Nihoyat darajada taqvodor, o‘limi oldidan “missiyam tugadi” deb bemalol ayta olgan, Tog‘ay Murodning “meni do‘stlarim yengdi!” so‘zlarini takrorlagan odam edi u kishi. 

Biz otamizni asrash uchun uning o‘ziga va ko‘p do‘stlariga yomon ko‘ringan paytlarimiz ham bo‘lgan. 

Akalik. Otamning birgina ukasi bor edi. Bir kuni “ukam meni deb qishloqda, ota-onamning oldida qolib ketdi, u yaxshigina rassom edi...” deb o‘kindi otam. O‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshida Toshkentga chiqib ketgan odam umrining oxiriga qadar ukasi uchun xijolat bo‘lib yashadi. Umrining oxirgi yillarida amakimni sizlab qolgani ehtimol shundandir... 

Otalik. Biz uyda birga nonushta qilar va kechki ovqatni birga yerdik. Fotiha bo‘lmaguncha biz, bolalardan birortamiz tura olmasdik. Kenja va tabiiyki erkaroq o‘g‘il-qizdan tashqari hammamiz jim o‘tirar edik. Ba’zida buning uchun dakki ham eshitardik: “mening oldimda gunohkorlarga o‘xshab o‘tirmanglar!” Lekin na chora, shunga o‘rgangan edik. 

“Bolani ona tarbiya qilishi kerak!”

Otam bu gapni ko‘p gapirgan. Hatto “Ko‘ngil qo‘chalari”ga ham singdirgan. Men keyinchalik ko‘p o‘yladim va bu aqidaga ishonch hosil qildim. Lekin eng tepadagi tarbiyachi aslida ota, u onani tarbiya qilish orqali farzandlarni tarbiya qiladi, degan yashirin xulosaga ham keldim. 

Esimda, “kitob o‘qi” degan gaplardan zada edim. To‘rtinchi sinfdaman. Kitob o‘qish haqidagi gaplarni yerda qoldirganim uchun “uchinchi shaxs”ga aylanib qolganman. “Kelganmi”, “nimani o‘qibdi”, “haliyam o‘qimabdimi?”. 

Qaysidir teatrga tomoshaga bordik. Tomoshadan keyin foyedagi bolalar kitoblari sotilayotgan joyga o‘tdik. Mo‘g‘ul xalq ertaklari va yana bir nechta kitob sotib oldik. O‘zim tanladim. Kechirildim. 

Kenja ukamiz to uylangunga qadar hatto ovqat payti ham “Samak ayyor” degan kitobni o‘z oldiga qo‘yib olar edi. Bu endi nimadir o‘qish kerakligidan... 

Vaqtni bekor o‘tkazmaslik haqida ham ko‘p eshitganmiz. Bir mahallar bolalar xonalari eshigida “kun tartibi” yozilgan varaq ham paydo bo‘lib qolgan edi. 

“Bolani ona tarbiya qilishi kerak!” deganlari shu bo‘lsa kerak-da. 

Boshqa bir jihat ham bor edi. Ertalablari bizni ba’zan otam uyg‘otardi. U kishi odatda yelkamizni sekin turtib qo‘yardi. Qizig‘i shuki, har doim qo‘l yelkamizga tegmasdan oldin uyg‘onardik, faqat “odob yuzasidan” ohista turtkini kutib turardik, xolos. Keyin dik etib turardik. 

Bobolik. Birinchi nabira dunyoga kelganida uydagi hamma g‘alati holatni kuzatgan. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – Amir Temur xiyobonida, nabira – Chilonzorning eng chekka dahasida. Otam tushlik payti, har qancha qimmat bo‘lmasin, Agentlik oldidan taksiga minib, o‘sha olis joyga borar, Sanjarni yarim soat o‘ynatib, tushlik qilmasdan, ishga qaytar edi. Birinchi nabira uyimizda turgan paytlari azonlab bobo-nabira hovliga aylanishga chiqib ketishardi. 

“Biz yig‘lashni bilmaymiz!” 

So‘zni his etayapsizmi?! Haqiqiy yig‘i juda og‘ir bo‘ladi. Shu bois nabira yig‘laganda bobo chinakamiga hayron bo‘lardi. “IYE, bola ham yig‘laydimi! Eshon bobo, biz yig‘lashni bilmaymiz!” Bola bu so‘zlarning mohiyatini anglagandek birdan tinardi. 

Keyin nabiralar ko‘paydi. Ulardan birortasi ham go‘zal an’ana tufayli ismi bilan atalmadi. O‘g‘illar – Eshon bobo, qizlar – Eshon oyi bo‘ldi. 

Mashrab Boboyev so‘nggi manzil oldidan uyda nafassiz, harakatsiz yotar ekan, nabiralar sira hayiqmasdan uning tepasida o‘z o‘yinlari bilan band bo‘lgani sira esdan chiqmaydi. Ularga hech kim boshqa xonaga chiqishni ham, jim o‘tirishni ham buyurmadi. Bu odobsizlik emas, Boboni oxiratga shod ruh bilan kuzatishga o‘xshadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!