Bog‘chalarda ko‘mir zaxirasi yetarlimi?

Bog‘chalarda ko‘mir zaxirasi yetarlimi?

Sirdaryo viloyatidagi 175 maktabgacha ta’lim muassasasida 22 ming 900 nafardan ortiq bola tarbiyalanmoqda.

Bu bog‘chalarning 139 tasi zamonaviy, 36 tasi moslashtirilgan binolarda joylashgan. Muassasalarning 110 tasi tabiiy gaz bilan isitilsa, qolganlari uchun ko‘mir zaxirasini yaratish kerak.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, chora-tadbirlar rejasiga asosan, 47 ta bog‘chada 1 ming 410 metr kvadrat singan va yaroqsiz oyna almashtirilgan. 26 tasida ba’zi o‘rinlardagi yaroqsiz eshik-deraza almashtirilib, yaroqlilari ta’mirlangan. 23 MTMning 2 ming 645 metr kvadrat tomidagi nosoz shiferlar, 2 MTMda 4 dona isitish qozoni almashtirilgan.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tasarrufidagi muassasalar uchun joriy kuz-qish mavsumiga 720 tonna yoqilg‘i zarur bo‘ladi. Jumladan, 190 tonna ko‘mir va 530 tonna ko‘mir briketi ajratish belgilangan. Bu reja joriy yilning 20 oktyabriga qadar amalda 529 tonna, ya’ni 59,5 foizga bajarilgan. Viloyatdagi MTMlar uchun yana 291 tonna ko‘mir mahsuloti yoqilg‘isi jamg‘arilishi talab etiladi. Bu bo‘yicha ishlar ham yaqin kunlarda to‘liq amalga oshiriladi.

Shuningdek, qish mavsumiga maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 380 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – kartoshka, sabzi, piyoz va guruch zaxirasi yaratilishi lozim. Boshqarma mutaxassislarining ta’kidlashicha, hali bu mas’uliyatli yumush uchun viloyat moliya boshqarmasidan zarur mablag‘ ajratilmagan.

Qish mavsumiga tayyorgarlik holatini bilish maqsadida Mirzaobod tumanida bo‘ldik. Tumanda faoliyat olib borayotgan 16 maktabgacha ta’lim muassasasida 154 nafar tarbiyachi-pedagog mehnat qilmoqda.

Hududda 3-7 yoshgacha bolalar soni 6 ming 145 nafar bo‘lib, hozirgi kunda maktabgacha ta’lim muassasalariga 1 ming 425 nafari qamrab olingan. Bu viloyat ko‘rsatkichidan ham past bo‘lib, o‘rtacha 23 foizni tashkil etadi. Tumandagi 3 ta MTMda qurilish ishlari olib borilayotgani sababli 215 nafar tarbiyalanuvchi vaqtincha uyda tarbiyalanmoqda.

Tumandagi MTMlarning 8 tasi ko‘mir yoqilg‘isi bilan, 8 tasi esa tabiiy gaz yordamida isitiladi. Ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladigan MTMlarda ko‘mirga bo‘lgan talab 68 tonna. 2018 yil 20 oktyabr holatiga ko‘ra, kuz-qish mavsumiga bor-yo‘g‘i 14 tonna ko‘mir yoqilg‘isi keltirilgan, xolos.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida zarur qurilish va isitish materiallariga 129 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tuman moliya bo‘limi tomonidan bor-yo‘g‘i 22 million so‘m mablag‘ ajratilganini qanday izohlash mumkin?

Bugungi kungacha tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining maxsus ta’mirlash-ekspluatasiya texnik xizmat ko‘rsatish xizmati xodimlari tomonidan tumandagi 9 MTMning 129,45 metr kvadrat singan va yaroqsiz deraza oynalari almashtirilgan.

– Qishga tayyorgarlik borasida kamchiliklar mavjudligini tan olish lozim, – deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri E.O‘rolov. – Maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan barcha MTMlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilishi yuzasidan monitoring olib borilib, joylardagi xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Qisqa fursatda mavsumga tayyorgarlik ishlarini yakunlaymiz.

Mirzaobod tumanidagi holat va boshqa raqamlarga qarab viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini mukammal deb bo‘lmaydi. Hali qish mavsumiga o‘tishga kam bo‘lsa ham vaqt borligini inobatga olib, mutasaddilar tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish lozimligini yodga solamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!