Bloomberg: Boris Jonson qirolicha tasdiqlagan keskin «Brekzit»ni taqiqlovchi qonunga bo‘ysunmoqchi emas

Bloomberg: Boris Jonson qirolicha tasdiqlagan keskin «Brekzit»ni taqiqlovchi qonunga bo‘ysunmoqchi emas

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatning Yevropa Ittifoqidan kelishuvsiz chiqishini taqiqlovchi qonunni inkor qilish niyatida. Bu haqda Bloomberg agentligi yuqori martabali britaniyalik amaldorga asoslanib xabar bermoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Boris Jonson Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker bilan 16 sentyabr, dushanba kuni bo‘ladigan muzokaralarda Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqish uchun qo‘shimcha muhlat so‘ramaydi, mabodo Ittifoq mamlakatlarining birortasidan shunday taklif tushsa, uni rad etadi.

Jonson 31 oktyabr kuni keskin «Brekzit»ni amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritish uchun sudlashishga ham tayyor ekani aytilmoqda.

Qirolicha Yelizaveta II tomonidan imzolangan qonun Buyuk Britaniya hukumati va Yevropa Ittifoqi ma’muriyati 19 oktyabrga qadar yangi kelishuvni imzolay olmasa, Buyuk Britaniya hukumatiga «Brekzit»ni kechiktirish iltimosi bilan Ittifoqqa murojaat qilish majburiyatini yuklaydi.

Jonson yangi kelishuv imzolanadimi-yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, 31 oktyabr kuni Buyuk Britaniyani Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqarish niyatida ekanini bir necha bor ta’kidlagan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!