Besh muhojir La-Mansh bo‘g‘ozini kesib o‘tishga urinib halok bo‘ldi

Besh muhojir La-Mansh bo‘g‘ozini kesib o‘tishga urinib halok bo‘ldi

Besh muhojir Fransiya qirg‘oqlari yaqinida Britaniyaga yetib borish uchun to‘lib-toshgan qayiqda La-Mansh bo‘ylab o‘tmoqchi bo‘lganida halok bo‘ldi. Ularning jasadlari seshanba kuni Fransiya shimolidagi Vimeryo plyajida topilgan. Yuzga yaqin odam qutqarildi, deb xabar beradi Kazinform agentligi Euronewsga tayanib.

Pa-de-Kale departamenti prefekturasida qayd etilganidek, o‘sha kechada dengiz tinch, havo ochiq edi, biroq, aftidan, muhojirlar qayig‘i sayozlarga chiqib, chayqalib ketgan.

Fojia Buyuk Britaniya parlamenti uzoq davom etgan munozaralardan so‘ng boshpana izlovchilarni Ruandaga deportasiya qilishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Shu tariqa qirollik rasmiylari dengiz orqali mamlakatga kelayotgan qochqinlar oqimiga qarshi kurashishga harakat qilmoqda: faqat 2023 yilda ularning soni 30 mingga yaqin edi.

Rishi Sunak hukumati Ruandada qolish ehtimoli bor noqonuniy muhojirlarni Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tish rejalaridan voz kechishiga umid qilmoqda.

Britaniya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, boshpana izlovchilar bo‘lgan birinchi samolyotlar ikki-uch oy ichida Kigaliga uchadi va ularning arizalari Markaziy Afrikaning ushbu davlati rasmiylari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Muxolifatdagi leyboristlar ham, inson huquqlari faollari ham konservativ rejaga qarshi chiqdi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa komissari Maykl Flayerti Britaniya hukumatini qonunni bekor qilishga chaqirib, qochqinlarning Ruandaga deportasiyasi inson huquqlari bilan bog‘liq ko‘plab tashvishlarni keltirib chiqarishini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!