Anvar qorining qotili kim?

Anvar qorining qotili kim?
Joriy yilning 13 iyun kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan zabardast qori, Navoiyshunos olim Anvar qori Tursunov vafot etgandi. Uning yaqinlaridan biri bo‘lgan Muhammad Ismoil ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali “Anvar qorining qotili kim?” nomli badihani taqdim etdi.
 
Anvar Qorining qotili kim?
 
Anvar aka haqida o‘ylasam olovli yo‘llarni bosib o‘tgan buyuk yo‘lovchi ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Agar yaxshiroq yozuvchi bo‘lganimda yoinki tarixiy shaxslar haqida film ishlovchi mahoratli kinorejissyor bo‘lganimda, albatta, Anvar akaning shonli va tig‘ ustida kechgan hayoti haqida butun dunyoni lol qoldiruvchi kino yaratgan bo‘lar edim. Biz asarlarimiz uchun zamonamiz qahramoni qanday inson bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p o‘ylanamiz, ko‘p bahs yuritamiz, ko‘p izlanamiz, ammo bir qarorga kelolmaymiz. Qahramonlar yonimizda, biz bilan ekanligiga e’tibor qaratmaymiz. Aslini olganda, yonimizdagi insonning alg‘ov-dalg‘ov hayoti, iztiroblari, kechinmalari, parvozlari, mag‘lubiyatlari, zafarlari va zamonamiz oqimidagi o‘rnini ziyraklik bilan yoritish, tasvirlash uchun bir necha tomli kitob yozish kerak bo‘ladi. Anvar qori Tursunning hayoti mana shunday o‘nlab kitoblarga sig‘maydigan, yuzlab odamlarning hayot yo‘li bilan chambarchas bog‘lanib ketgan katta va zalvorli yo‘l.
 
Anvar aka avvalambor olim, hayotining har bir lahzasi din bilan bog‘lanib ketgan donishmand ulamo, diniy arbob edi. Lekin diniy salohiyatim u kishining diniy iqtidoriga baho berishga, ta’riflashga, tavsif etishga ojizlik qilgani uchun islom ilmi bilimdonlariga, islom olami osmonidagi yuksak qobiliyatli shayxul ulamolarga bu sharafli ishni qoldiramizda, Anvar akaning insoniy hayot yo‘li haqidagi ko‘rgan kechirganlarimizni siz bilan o‘rtoqlashamiz.
 
Men O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlar edim. Muhammad Ali, Jamol Kamol, Zohir A’lam, Gavhar Normatova, Sharif Xolmurodov, Zulfira Xasanova barchamiz bitta keng xonada o‘tirar edik. 1990 yil Anvar akani ham Yozuvchilar uyushmasiga ishga olishdi va u kishi ham bizning xonada o‘tiradigan bo‘ldi. U paytda uyushmaga Odil Yoqubov rais edi. Uyushmada ijtimoiy siyosiy hayot qaynar, “Birlik” ham, “Erk” ham, “Turkiston” partiyasi ham shu yerda, Mustaqillik degan so‘z ham ilk bora mana shu yerda paydo bo‘lgan, o‘zbek tilini Davlat tiliga aylantirish g‘oyasi ham aynan mana shu makonda tug‘ilgan edi. Islom degan so‘z lug‘atimizga endigina kirib kelayotgan, ko‘plar islomni ham bir partiya bo‘lsa kerak deb o‘ylar, yuqoridagi ijtimoiy, siyosiy, demokratik partiyalar, hatto, islomga ergashganlarni o‘z saflariga qo‘shib olish payida edilar. Islom ularning partiyalaridan ming bora kattaroq maqomdagi din ekanligini, islomning nizomini Alloh yozganini, hatto, tasavvurlariga sig‘dirolmas edilar. Men ham o‘shalarning biri edim. Kommunistik partiya g‘oyalaridan endigina yuz o‘girayotgan paytlarim edi. Anvar akani ko‘rganda birinchi bergan savolim, “Siz nima yozasiz? Shoirmisiz, yozuvchimisiz?” deganimda, Anvar aka kulib, ”Domlaman” degan. Shunda hayron bo‘lib, “Domla bo‘lsangiz soqolingiz qani?” deganman.
 
Men domlalarni faqat keksa, soqoli ko‘kragiga tushgan, yaktagi uzun, nuroniy kishi tarzidagina tasavvur qilganman. Qarshimda esa yosh, ozg‘in, oq ko‘ylak, qora kastyum shim kiygan, oddiy yigit turardi. “Soqolni endi qo‘yaman”, dedi Anvar aka.
 
Keyin tushlikka chiqdik. Oshxonada ovqat olgan edik, Anvar aka ovqatga qaramay non kavshab o‘tiraverdi. Men oshxona xizmatchisini chaqirib, “Bu odam domla, seni ovqatingda go‘sht kam ekan, domlalar katta katta go‘sht yeydi, qozoningdagi eng katta go‘shtni olib kel”, dedim. Domla miriqib kuldilarda, men oshxonalardan ovqat yemayman, chunki ular go‘shtni kushxonalardan olishadi, kushxonada esa molni “Bismillohsiz” so‘yishadi, “Bismilloh” aytilmay so‘yilgan mol esa, harom hisoblanadi. Harom molni go‘shtini esa musulmon odam yemaydi, dedilar.
 
Mana shunday asta-asta, bittama-bitta tushintirib, Anvar aka meni islom olamiga yetaklab olib kirdilar. Sochim, ustozimniki singari yelkamga tushar edi. Bir kunda oldirib tashladilar. Dunyoda eng ko‘p ichadigan odamlarning bittasi men edim, hammasini bir kunda tashlab yubordim. Xotinim, bola chaqamni qishloqqa qo‘yib, bu yerda go‘zallar ishqida har kuni yangi-yangi she’rlar yozib yurardim. Anvar aka “Darhol xotiningizni olib keling, qiyomatda sizdan qanday shoir eding, deb so‘rashmaydi, qanday er eding, xotiningni haqlarini ado qildingmi?” deb so‘raydi, dedilarda o‘z so‘zida maxkam turib oldilar.
 
Anvar aka bilan tanishganimga bir oy bo‘lmayoq xotinimni Toshkentga olib keldim. Butun hayotim o‘zgarib ketdi. Endi partiyalarga ham qo‘shilmay qo‘ydim, kechalari shoir do‘stu birodarlar bilan tonggacha she’rxonlik qilib chiqar, ular ichishar, chekishar, latifago‘ylik qilishar, dunyodagi hammani yomonlab, faqat o‘zlarini maqtashar, jahonda she’riyatdan boshqa ish yo‘q deb bilishar edi. Ba’zilari o‘zlarini, biz ko‘k bo‘rining bolalarimiz deyishsa, ba’zilari bizning haqiqiy dinimiz otashparastlik deyishar edi. Asta-asta bu davralarni ham tark etishga to‘g‘ri keldi. Hozir bu so‘zlarni yozayotganimning sababi, Anvar aka meni o‘sha davralardan qutqarib olganligi uchun hali-hamon u zotdan minnatdor ekanligim, bu yaxshiliklarini umrimning oxirigacha unutmaslikka ont ichganimdandir. Hatto, menday “ko‘kbo‘ri”chini ajratib olayotgani uchun, Anvar akani urmoqchi bo‘lgan ham edilar.
 
O‘sha yilning o‘zidayoq, ya’ni 1990 yil, Anvar aka katta ishni boshladilar: Qur’oni karimni o‘zbek tiliga o‘girish g‘oyasini o‘rtaga tashladilar. Ammo, bu tarjimani kim qiladi degan savol ko‘ndalang chiqdi. Bu savolga javob beruvchilar, ya’ni men deguvchilar juda ko‘p edi. Ahli shoir borki, Qur’on she’riy tarzda yozilgan, shuning uchun tarjimani men qilishim kerak deyar edi. Ahli adib borki, Qur’onda so‘z juda mahorat bilan ishlatilgan, bizning so‘z boyligimiz ko‘p, tarjimani biz qilishimiz kerak deyar edi. Va kazo-kazo yozuvchilar bunga qattiq tirmashgan edi. Gomer, Tolstoy, Dostoyevskiyni tarjima qilgan yuzlab tarjimonlar, Qur’onni tarjima qilish bizning haqqimizdir derdi. Tilshunoslar, diniy ulamolar ham bu jangdan chetda qolmadi. Shoir, yozuvchilarning kamchiligi ularning birortasi arab tilidan bitta ham so‘zni bilmas, ular rus tiliga o‘girilgan Qur’ondan tarjima qilish payida edilar. Ular  namoz o‘qimas, sigaret chekib, xuddi badiiy kitobni tarjima qilganday, tarjima qilmoqchi edilar. Ko‘p diniy ulamolar arab tilini bilar edilar-u, o‘zbek tilida ikkita jumlani qovushtirib yozolmasdi. Anvar aka ana shunday atoqli da’vogarlarni hammasini bittama-bitta ilmu ma’rifat quroli bilan mag‘lub etib, Qur’oni karimni tarjima qilishga haqdor inson Alouddin Mansur ekanligini isbotlab berdi, jangda g‘olib chiqdi.
 
Alouddin aka bu janglarda biror marta qatnashmagan, Toshkent muhitidan uzoqda, Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida yashar edi. Bu o‘sha paytdagi eng odil, eng adolatli, eng haqqoniy tanlov edi. Tarjima 23 oy davom etdi. Sharq yulduzi jurnalining yigirma uch sonida oyma-oy bosildi. Anvar aka Qorasuv shahriga yigirma uch oy qatnadi. Tarjima qo‘lyozma holida kelar, ko‘pgina sonlarini men mashinkalab berar edim va bu sharafli ishdan boshim osmonda edi.
 
Chop etish jarayoni ham silliq kechmagan, “Sharq yulduzi” jurnalini yopib qo‘yish darajasida janjallar ham bo‘lgan, jurnal Bosh muharriri O‘tkir Hoshimov jasorat ko‘rsatib, masalani Islom Karimovgacha ko‘tarib chiqqan. Islom Karimovning izni bilan, chop etish ishlari yana davom etgan edi. Qur’oni karim jurnalda to‘laligicha bosilib chiqqach, “Cho‘lpon” nashriyoti uni bir million nusxada nashr etdi va ne ajabki, bir million adadda o‘zbek tilida chop etilgan Qur’oni karim bir haftada xalqimiz orasida tarqalib ketdi. Bunday hodisa o‘zbek matbuotida hech qachon sodir bo‘lmagan edi.
 
O‘zbekistonga bir qancha diniy oqimlar ham kirib kelayotgan edi. Anvar aka ko‘pgina diniy oqim vakillari bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularni bu yo‘llardan qaytarishga yangi chiqqan diniy oqimlarga ergashmaslikka chaqirganini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib, guvohi bo‘lganman. Obid qori bilan ham bir necha bor do‘stona muzokaralar olib borganini, u kishini shoshilmaslikka, masalalarni keskin qo‘ymaslikka chorlaganini ham o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib, o‘z quloqlarim bilan eshitganman. Toshkentda vahhobiylarga qarshi mardonavor kurashgan birinchi odam ham Anvar aka bo‘ladi.
 
1999 yilgi Toshkentdagi portlashlardan eng ko‘p zarar ko‘rganlar, musulmonlar bo‘ldi. Qur’on, hadisni o‘rganishni istagan oddiy odamlarning oldiga ham qattiq to‘siqlar qo‘yildi. Yetmish yil mobaynida dinga tashna xalq yana tashnalik girdobida qoldi. Ko‘pgina begunoh, hali din nimaligini tushinib yetmagan yoshlar ayblanib, uzoq yillarga qamalib ketdi. Bunday achchiq qismat Anvar akaning shogirdlarini ham chetlab o‘tmadi. Bir safar Anvar aka bir shogirdi qamalganini eshitib, Ichki ishlar boshqarmasiga borgandi. “Bu bolaning hech qanday gunohi yo‘q, buni men yaxshi bilaman, unga men kafolat beraman,  hibsdan chiqaringlar, agar chiqarmasalaring, meni ham qo‘shib qamanglar”, deb turib olgan, tongacha boshqarmada birga o‘tirgan. Nihoyat Anvar akani tavallosi bilan bolani hibsdan eson-omon olib chiqqan edik, agar olib chiqilmaganda, bolani o‘n besh yilga qamab yuborishlari aniq edi. Bu bitta men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim, Anvar aka o‘nlab bolalarni qutqarganligini ko‘pchilik aytib yuradi.
 
Anvar aka vahhobiylarni, akromiylarni, nurchilarni va boshqa bir qancha radikal islomiy oqim egalarini ochiqdan ochiq tanqid qilar, johillar, din buzg‘unchilari, quzg‘unlar, murtadlar der edi. O‘shalar o‘z johilligini namoyish etdi. Anvar aka bilan din to‘g‘risida bahslashmadi, muzokara o‘tqazmadi, yuzma-yuz orani ochiq qilmadi, Qur’on va Hadisdan dalil keltirib, kim to‘g‘ri, kim noto‘g‘ri yo‘ldaligini isbotlab bermadi, ilm bilan g‘olib kelmadi, vahshiy yirtqichlarday ish tutdi, Anvar akaning tanasining to‘qqiz joyiga xanjar sanchdi, so‘ng qo‘rqoq itday qochib ketdi. Anvar aka Xudoning marhamati bilan mo‘’jizaviy holatda omon qoldi.
 
O‘sha kunlarda ham Anvar aka bilan birga edim. Anvar aka eng og‘ir holatda og‘riqlar azob berganda ham, keyinchalik sog‘ayib ketganlarida ham, “falon gapni bekor aytgan ekanman, shu gapim uchun, shu holga tushdim, shu holga tushishimga falonchi aybdor, hukumat endi menga falon ishni qilib berishi kerak” deganga o‘xshash minnatli gaplarni umuman aytgani yo‘q, aytish hayoliga ham kelgani yo‘q.
 
Anvar aka Islom Karimov bir necha bor taqdirlamoqchi bo‘lganida rad etgan edi. Umuman olganda, Anvar aka bilan 28 yil birga bo‘lgan bo‘lsak, biror marta iqtisodiy mavzuda so‘zlashmagan ekanmiz. Anvar aka, faqat Qur’onu hadisdan, faqat Navoiydan, faqat Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asaridan, Shayx Alouddin Mansur aytgan so‘zlardan gapirar edi. Biror marta pul oldi-berdi qilmagan ekanmiz. Hatto, Anvar aka pul sanashni ham bilmasa kerak, deb o‘ylayman. Ma’rakalarda, to‘ylarda, janozalarda, xudoyilarda Anvar akaga pachka-pachka pullar tushar, Anvar aka xuddi qog‘ozni tarqatganday ularni kambag‘allarga, yetim-esirlarga, gadoylarga, ehtiyojmand oilalarga tarqatib yuborar edi. Hech kimdan hech narsa ta’ma qilmas, biron joyga faloncha pul bersang, boraman demas edi. Yuzlab shogirdlari, nima ehtiyojingiz bor, nima qilib beray der, ammo Anvar aka hech kimga hech bir ish yuklamasdi. Uylanayotganlarida otalari hovlining etagida ikki xonani ajratib bergan edi. Bir umr shu ikki xonada ikki o‘g‘il, ikki qizi bilan yashadilar, na dang‘illama joy, na dala hovli qildilar. Prezidentlar, Bosh vazirlar, Davlat maslahatchilari, Xokimlar bilan o‘n yildan ortiq yonma-yon, qadrdon, yoru birodar bo‘lib ishladilar, ammo bir parcha yer, alohida uy-joy so‘ramadilar. So‘raganlarida ishonchim komil, hech kim yo‘q demas, Anvar akani hurmati joyida edi. Vafot etganlarida Anvar akani o‘sha otalari bergan ikki xonali uydan chiqardilar.
 
2018 yil 4 aprel kuni tongda nahorgi osh ma’ruzasidan keyin Anvar aka boshi aylanib, yiqilishiga bir bahya qoladi. Haydovchisi Alisher Anvar akani tutib qoladi va ohista moshinaga o‘tqazadi. Anvar aka shahar hokimiyatida majlis bor, yetib borishimiz kerak deganda, Alisher unamay mashinani 16-shahar shifoxonasiga haydaydi. Shifokorlar Anvar akani tekshirgan zahoti, sizda insult bor, miyangizdagi tomirlardan biri yorilib, qon quyilgan, deydi va bosh chanog‘ini ochish uchun Anvar akaning yaqinlaridan ruxsat so‘raydilar. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib qon quyilishi to‘xtatiladi va lazer orqali qon tomirlarning yorilib ketgan joyi berkitiladi. Ammo Anvar aka hushini yo‘qotgan, gapirolmas, hech kimni tanimas edi va shu holatda oltmish to‘qqiz kun yotib, ellik to‘qqiz yoshida, 2018 yil 13 iyun kuni juma tongida bu yorug‘ olamni tark etdilar.
 
Taqdir taqazosidan hech kim qochib qutulolmaydi. Ammo ba’zida hayolga turli-tuman shubhali o‘ylar keladi. Soppa-sog‘ odam nega to‘satdan o‘lib qoldi? Hayotni sevuvchi, xushchaqchaq va doimo kelajakka intilib yashovchi inson qaysidir qora kuchlarning qurboni bo‘lmadimikin? To‘qqiz marta pichoq sanchgan kimsalar bu safar boshqacha makru-xiyla ishlatmadimikin? Endi qorong‘ulik qa’ridan bu savollarga javob topilarmikin?
 
Anvar aka go‘dakdek beg‘ubor inson edi. Butun umr hammaga yaxshilik qilib o‘tdi. Butun umr hammani duo qildi, hammaga Xudodan yaxshilik so‘radi, hammani Xudoning panohida bo‘lishini, balo-qazolardan Allohning himoyasida bo‘lishini tiladi. Agar yer yuzida farishta qiyofasida ikkita insonni ko‘rgan bo‘lsam, bu birinchisi onam, ikkinchisi Anvar qori akamdir. Anvar aka butun umri mobaynida Rasululloh (s.a.v.)ga taqlid qilib yashadi. Kechalari tahajjud namozini to tonggacha o‘qirdi, har kuni bir yangi kitob mutolaa qilardi, bir lahza bo‘lsin ilm olishdan, o‘qib o‘rganishdan to‘xtamasdi. Insonlar qalbiga kirib borish, ular qalbiga ilm-ma’rifat, hidoyat, ezgulik nurini olib kirishning eng katta bilimdoni edi. Qancha-qancha shohu gadoning, xokimu hunarmandning qalbini zabt etib, ularning yuragida islomga ulkan muhabbat, e’zoz va ehtirom uyg‘ota olgan edi. Menga o‘xshagan yuzlab shoiru yozuvchilarga, “shoirlarga ergashganlar adashurlar, illo imon keltirganlarigina bundan mustasnodir,” degan oyati sharifning mazmun mohiyatini o‘rgatgan ham shu Anvar akadir.
 
Mana, Anvar aka bu yorug‘ olamni ham, o‘sha mash’um soatni ham, o‘lmasidan oldin egallangan amalni ham, g‘iybat va hasad darg‘alarini ham, hamma-hammasini tashlab ketdi. Iloho, qolganlarga insof bersin. Anvar aka jumlai jahon mo‘’min-musulmonlar imonli, ilmu irfonli, dinu diyonatli bo‘lishini orzu qilib yashadi.
Manba: qalampir. com

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!