Amalni amalga oshirmasa ham savob bo‘ladimi?

Amalni amalga oshirmasa ham savob bo‘ladimi?

Allohga ixlosli bo‘lishning barakalaridan yana biri bu amalni butunlay bajara olmay qolganda ham o‘sha amal uchun beriladigan savobga komil suratda erishishdir. Ushbu oyatiga e’tibor beraylik: “Kim uyidan Alloh va Rasulga hijrat qilib chiqsa-yu, so‘ngra unga o‘lim yetsa, albatta, uning ajri Alloh zimmasiga tushadi. Va Alloh mag‘firat qiluvchi va rahmli zotdir” (Niso, 100).

Imom Buxoriy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhisalom shunday deganlar: “Madinada qolib biz bilan birga keta olmagan bir qavm borki, biror dara yoki vodiydan o‘tsak ham, ular biz bilan birga. Ularni uzr biz bilan birga ketishdan to‘sib qolgan” (Buxoriy rivoyati).

Nasaiy va Ibn Moja Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday marhamat qilingan: “Kim yotar o‘rniga tunda turib ibodat qilishni niyat qilib yotsa, ammo ko‘zlariga uyqu g‘olib kelib tonggacha uxlab qolsa, Unga niyat qilgan narsasi yoziladi va bu narsa unga robbisidan sadaqa bo‘ladi”.

Imom Muslimning sahihlarida kelgan hadisda: “Kim Allohdan shahidlikni sidqidildan so‘rasa, o‘z yotog‘ida vafot topsa ham Alloh uni shahidlar manzilasiga yetkazadi” deyilgan.

Ushbu hadis Alloh yo‘lida o‘ldirilmay, yotog‘ida yotgan holda vafot etgan kishiga shahidlik martabasi berilishi uchun ikki shart borligini ta’kidlangan. Birinchisi, banda Allohdan shahidlikni sidqidildan so‘rashi, ikkinchisi, chin dildan shahid bo‘lishni istashi lozim. Tili bilan ko‘pchilik bunday martabani so‘rashi, ammo qalbida buning teskarisi bo‘lishi mumkin. Bandani hisob qilinayotganda suyaniladigan narsa esa uning dilidir va Alloh uni bilguvchidir.

Robbisiga ixlosli banda amalni bajarayotib xato qilishi mumkin. Shunda uning solih niyati unga shafoatchi bo‘lib keladi va xatosini to‘g‘irlab nuqsonini to‘ldiradi.

Ikki sahih kitobda kelgan hadisda uch kecha ketma-ket sadaqa qilgan, birinchi kecha bilmasdan o‘g‘riga sadaqa qilib qo‘ygan, ikkinchi kecha bilmasdan zinokor ayolga sadaqa qilib qo‘ygan, uchinchi kecha bilmasdan boy odamga sadaqa qilib qo‘ygan, ammo nima bo‘lsa ham Allohga hamd aytgan kishi haqida gap borgan. Alloh uning qalbini sobit qilib, ko‘ksini keng qilishni iroda qiladi. Unga tushida bir kishi kelib: “O‘g‘riga qilgan sadaqang sabab, shoyadki, o‘sha o‘g‘ri o‘g‘rilikdan iffat qilib qolsa. Zinokor ayolga qilgan sadaqang sabab, shoyadki, o‘sha zinokor ayol o‘g‘rilikdan iffat qilib qolsa, boyga qilgan sadaqang sababidan, shoyadki, boy ibrat olib o‘zi ham sadaqa qilsa”, deydi. Alloh sadaqani uning niyati tufayli qabul qiladi va sadaqaning manfaatini dunyoyu oxiratda zoye qilmaydi. Mana shu ixlosli kishilarning mukofotidir.

Shayx Yusuf Qarzoviyning "Niyat va ixlos" kitobi

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!