Alisher Qodirov o‘z saylovoldi Dasturini raqib partiya Dasturidan ko‘chirganlikda ayblanmoqda

Alisher Qodirov o‘z saylovoldi Dasturini raqib partiya Dasturidan ko‘chirganlikda ayblanmoqda

“Adolat” partiyasi “Milliy tiklanish” lideri Alisher Qodirov o‘zining saylovoldi Dasturida ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘yganini aytmoqda.

Qayd etilishicha, Qodirov bu borada “Adolat” SDPning 2019 yilda tasdiqlangan saylovoldi dasturidan ko‘chirib “o‘ziga “bayroq” qilib olgan”.

Adolat” SDP ayblovlarini isbotlash uchun quyidagi faktlarni keltirib o‘tadi:

Birinchi raddiya Qodirovning “faoliyat ko‘rsatayotgan jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarni birlashtirish...” haqidagi fikrlariga nisbatan bo‘lib, “Adolat” partiyasining ta’kidicha, bu partiyaning 2019 yilgi saylovoldi dasturi “Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish – pirovard maqsadimiz” bobida yozilgan. Va partiya ilgari surgan mazkur g‘oya amalga oshirib kelinmoqda. Hozirda viloyatlar miqyosida har to‘rttala sudlar birlashtirilgan, ayni paytda, sudlarni tumanlar kesimida birlashtirish jarayoni ketmoqda.

Ikkinchi raddiya “jazoni ijro etish muaassalari Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkaziladi” degan fikrga nisbatan bildiriladi.

Unga ko‘ra, ushbu masala ham “Adolat” SDPning 2019 yil saylovoldi dasturida ustuvor vazifalardan biri sifatida tilga olingan va “bu borada “MT”dan ko‘mak olish niyatida emas”.

Uchinchi raddiya “Milliy tiklanish” liderining “mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etiladi” degan tashabbusiga nisbatan berilmoqda.

“Adolat” SDPga ko‘ra, bu masala ham partiyaning amaldagi saylovoldi dasturida “Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish – pirovard maqsadimiz” bobida “...dastlabki tergov ustida nazoratni kuchaytirish maqsadida, mamlakatda yagona tergov organi – Tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz” deb yozib qo‘yilgan.

“Adolat” SDP esa bu tashabbusni “Milliy tiklanish”ga hadya qilgan yoki bu borada qat’iy pozisiyasidan chekingan emas.

“Adolat” partiyasi o‘z navbatida Qodirovni nomzod sifatida saylovoldi Dasturi loyihasini ishlab chiqayotganda, qaysi partiyadan nomzodi qo‘yilayotganligini inobatga olmaganlikda va ushbu partiyaning saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalarni ilgari surmaganlikda ayblaydi.

Shuningdek, “Milliy tiklanish” lideriga bir necha savollar bilan yuzlanadi.

“Milliy tiklanish” DP “Adolat” SDPga ko‘maklashib, “Adolat” SDPning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga yordamlashmoqchimi? Partiyada “g‘oyaviy bo‘shliq” paydo bo‘ldimi? Ehtimol saylovga yangicha g‘oyalar bilan kiramiz degan umiddadir, ammo bu “Adolat” SDPning g‘oyalarini ochiqdan-ochiq o‘g‘irlasa bo‘laveradi, degani emas-ku. Bizga do‘stona murojaat qilishsa, bir dunyo “tesha tegmagan” g‘oyalarimiz bor, bajonidil, o‘rtoqlashamiz”, – deya kinoyali savollarni qo‘yadi “Adolat” SDP.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!