21-27 may kunlari dunyo bo‘ylab Turk oshxonasi haftaligi bo‘lib o‘tadi

21-27 may kunlari dunyo bo‘ylab Turk oshxonasi haftaligi bo‘lib o‘tadi

Unumdor geografiyaning lazzatlari va qadimiy an’analarini o‘z ichiga olgan Onado‘lining boy gastronomiya madaniyatining keng ko‘lamli Turk oshxonasi haftaligi 2024 yilning 21-27 may kunlari butun dunyo bo‘ylab nishonlanadi. Uchinchi yil o‘tkazilayotgan bu haftalik doirasida Turkiyada va Turkiya Respublikasining xorijdagi vakolatxonalarida turli tadbirlar va ijtimoiy media kampaniyalari o‘tkaziladi. Turk oshxonasi haftaligi davomida barqaror turk oshxonasining mazali, sog‘lom, an’anaviy va chiqindisiz reseptlari bilan batafsil tanishib chiqiladi. Bu yilgi xalqaro tadbirlarda mamlakat tarixi, madaniyati va tabiatining jonli uyg‘unligini aks ettiradigan turk gastronomiyasining Egey uslubidagi taomnomasi taqdim etiladi.

Tarix, madaniyat va tabiatni birlashtiruvchi Egey lazzatlari

Turkiyaning yashil va moviy rangli Egey dengizi sohillari o‘zining muhtasham manzarasi, chuqur ildiz otgan tarixi va sog‘lom ovqatlanish madaniyati bilan e’tiborni tortadi. 2010 yilda YUNESKO O‘rta yer dengizi parhezini insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida tan oldi. Ushbu qirg‘oq hududlari artishok, qovoq gullari, mahalliy o‘tlar va dengiz mahsulotlariga boydir. Egey mintaqasi uzoq umr siri bo‘lgan asrlik zaytun daraxtlari va sog‘lom zaytun moylari bilan ham mashhur. Zaytun bog‘lari shu qadar ko‘pki, Chanoqqal’adan Mug‘laga boradigan yo‘l kabi cho‘zilgan bo‘lib, zaytun yetishtirish bilan kengayib borayotgan mintaqaning madaniy merosini ochib beradi. Mintaqada Yevropa Kengashi tomonidan ro‘yxatga olingan Izmir va Milas "Zaytun daraxti manzillari" ning ikkita bekati sifatida ajralib turadi. Onado‘lining eng qadimgi zaytun moyi ustaxonasi joylashgan Urladagi qadimiy Klazomenaidagi topilmalar bugungi kunda ham qo‘llanilayotgan zaytunni qayta ishlash usullarining 2600 yillik tarixga egaligidan dalolat beradi.

Turkiyaning Egey mintaqasi mazali zaytun moyi mahsulotlari va uning atrofidagi uzumzorlari, unumdorligi bilan ajralib turadi. So‘nggi yillarda mintaqada ochilgan restoranlarda oshpazlik mo‘’jizalarini yaratib, yaqin atrofdagi dalalarda yetishtirilgan mahsulotlarni barqaror ishlab chiqarish usullari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dasturxonga tortadigan innovasion oshpazlar faoliyat yuritmoqda.

Turk oshxonasi haftaligi doirasidagi xalqaro tadbirlarda taqdim etiladigan Egey taomnomasi sog‘lom, barqaror, O‘rta yer dengizi uslubiga e’tibor qaratilayotgan mintaqaning mo‘l-ko‘lligini ifodalovchi reseptlardan iborat. Taomnoma orasida Egey zaytunlari va pishloqlari, tarhana sho‘rva, loviya bo‘tqasi, mujver, zaytun moyli yangi loviya, bulg‘or qalampirli do‘lma, yupqa va boshqa xamirli taomlar, karides guvech, Izmir usulubidagi qiymali katlet, sutli va quritilgan anjir shirinligi, achchiq bodom sharbati, qovun urug‘i sharbati o‘rin olgan.

Geografik ko‘rsatkichli turk oshxonasi

Mintaqa va viloyatga xos noyob mahsulotlar va taomlar kombinasiyasidan tashkil topgan Turkiyaning barqaror merosining asosini 81 viloyatning geografik ko‘rsatkichli, mahalliy va sifatli taomlari tashkil etadi. Shu nuqtai nazardan, Turk oshxonasi haftaligi doirasida mahalliy tadbirlarda Turkiyaning geografik ko‘rsatkichli mahsulotlarini o‘z ichiga olgan taomnomalar ham taqdim etiladi.

Turkiyada Turk Patent Instituti tomonidan ro‘yxatga olingan jami 2218 ta mahsulot mavjud bo‘lib, ulardan 1637 tasi kelib chiqish belgisiga ega, 565 tasi geografik ko‘rsatkichga ega va 16 tasi an’anaviy maxsus kafolatlangan mahsulotlardir. Mamlakatda, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan 21 ta mahsulot mavjud, ular orasida Gaziantep paxlavasi, Aydin kashtani va Aydin anjiri, Bayramich beyazi (nektarning turi), Malatya o‘rigi, Milas zaytun moyi, Tosh ko‘prik sarimsog‘i, Giresun yog‘li fundugi, Antakya kunefesi, Suruch anori, Chag‘layanjerit yong‘og‘i, Gemlik zaytuni, Edremit zaytun moyi va Edremit Ko‘rfazi yashil zaytuni, Milas zaytun moyi, Ayash pomidori, Marash tarhanasi, Ezine pishlog‘i, Safranbolu za’faronu, Aydin Memejik zaytun moyi va Araban sarimsog‘i bor.

Turli xil saqlash va pishirish texnikasi bilan yuqori sifatli, tabiiy ingrediyentlarni o‘z ichiga olgan ajoyib gastronomik an’ana bo‘lgan turk oshxonasi vegetarian va vegan parhezlari uchun ko‘plab variantlarni taklif etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!