Xitoyda qaysi so‘zni ishlatish taqiqlanganini bilasizmi? Sababini-chi? (+video)

Xitoyda qaysi so‘zni ishlatish taqiqlanganini bilasizmi? Sababini-chi? (+video)

Joriy haftada Germaniyaning kamerasoz kompaniyasi Leica internetda o‘zining navbatdagi reklama videolavhasini tarqatgan edi. Lekin ushbu lavha Xitoy hukumatiga yoqmadi va mamlakat hududida uni ko‘rsatishni ham, hatto Leica so‘zini qo‘llashni ham man etdi!

Leica e’lon qilgan videorolik butun jahondagi harbiy fotojurnalistlarning mashaqqatli mehnati haqidadir. Unga kiritilgan kadrlardan biri 1989 yili bo‘lib o‘tgan demokratparast talabalar norozilik namoyishidan suratga olingan. Xitoy hukumati esa Pekin markazidagi Tyananmin maydonida bo‘lib o‘tgan ushbu namoyish haqida gapirishni taqiqlab qo‘ygan.

Bundan tashqari, videolavhada dunyodagi boshqa ziddiyatlar paytida olingan kadrlar, jumladan, ingliz tilli fotojurnalistning Xitoy hukumati tomonidan tergov qilinishi ham aks etgan.

Ayni o‘sha norozilik jarayonlarida Associated Press axborot agentligi reportyori Jeff Uaydner tomonidan olingan quyidagi rasmga e’tibor bering u 20-asrning eng mashhur fotosuratlaridan biridir:

Qo‘lida paket ushlaganicha tanklarning yo‘lini yakka o‘zi yarim soat mobaynida to‘sib turgan erkak zulmga, urushga qarshi isyonning yaqqol ramzidir. Aynan shu surat ham Xitoy hukumatining qattiq noroziligiga sabab bo‘lib keladi.

Umuman, joriy yilda o‘sha mashhur talabalar namoyishiga o‘ttiz yil to‘lmoqda. Osmon osti saltanati hukumati shu boisdan ham u bilan bog‘liq har qanday kontentni yo‘q qilish bo‘yicha keng ko‘lamda ish boshlab yuborgan.

Mana, Xitoy taqiqlagan, The Hunt , ya’ni Ov deb nomlangan Leica reklama videolavhasini birga tomosha qilamiz:

Guvohi bo‘lganingizdek, reklama This film is dedicated to those who lend their eyes to make us see , ya’ni Mazkur film biz ko‘rishimiz uchun o‘z ko‘zlarini baxsh etganlarga bag‘ishlanadi so‘zlari bilan yakunlanadi.

Aytish kerakki, Leica ushbu videoning rasman sanksiyaga uchramaganini ta’kidlamoqda, ammo u ham ziddiyatning chuqurlashmasligini istaydi. Mazkur kompaniya Xitoyda o‘z kameralarini sotib kelayotir, tag‘in smartfonlar uchun ob’ektivlar yetkazib berish bo‘yicha Huawei bilan hamkorlik bitimini tuzgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!