Xabarni aniqlab, keyin tarqataylik!

Xabarni aniqlab, keyin tarqataylik!

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِن جَاءكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَن تُصِيبُوا قَوْماً بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ

“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.

(Agar xabar Allohdan va Payg‘ambar alayhissalomdan bo‘lsa, so‘zsiz qabul qilish vojibdir. Qabul qilmaganlar gunohkori azim, kofir bo‘ladilar. Oyati karimada Alloh taolo “fosiq xabar keltirsa, aniqlab” xabarning sobitligini tekshirib ko‘rishga amr qilmoqda. Allohning amriga bo‘ysunish vojib. Afsuski, musulmonlar ushbu oyatga amal qilmaganlari oqibatida katta musibatlarga duchor bo‘lmoqdalar. Bir xabarni eshitishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg‘onligi yoki xatoligi ayon bo‘lsa, haqiqatdan afsus-nadomatga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham, Alloh taolo “bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”, demoqda.) (Hujurot surasi, 6-oyat).

Ma’lumki, qadimdan xayrli va bunyodkorlik ishlariga tosh otadigan va uni ko‘rolmaydigan kuchlar, guruhlar, shaxslar doimiy ravishda harakatda bo‘lgan. Insoniylikka, ezgu va savob ishlarga qarshi bo‘lgan, uni to‘xtatishga harakat qiladigan g‘addor shaxslar jamiyatda topilgan. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi diyorimizdagi mo‘’min-musulmonlarga xizmat ko‘rsatadigan, ularning diniy masalalarida ko‘makchisi, bu boradagi kundalik ibodat va boshqa marosimlarini to‘liq bajarishlarida faol yordam bermokda.   

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan hamda mutasaddi tashkilot va shaxslardan surishtirmasdan bir noxush xabar tarqatilgan. Jumladan,  Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi jome masjidining faoliyatiga doir ma’lumotlar keltirilib, go‘yoki ushbu kunlarda masjid imomi tilxat yozib bergani, unda bir million so‘m pul tushumini tashkil qilmasa, o‘ziga nisbatan chora ko‘rilishi, hattoki masjid faoliyati to‘xtatilishi haqidagi “tilxat” namunasi keltirilgan.

Maqolada keltirib o‘tilgan holat aslida 2018 yil mart oyida sodir bo‘lgan.  Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, masjidlar nodavlat va notijorat tashkilot bulib,  o‘z-o‘zini moliyaviy ta’minlaydi.  Tabiiyki, bu masalada masjidga taqdim qilinayotgan hadya va ehsonlar muhim rol o‘ynaydi. 

Hozirgi kunga qadar ushbu masjid moliyaviy xarajatlarini o‘zi qoplamaydigan qo‘shimcha iqtisodiy yordamga muhtoj bo‘lgan masjidlar qatoriga kiradi.

Biroq masjiddagi moliyaviy muammolar sabab uning imomiga yoki noibiga nisbatan chora ko‘rilmagan.

         Shu yilning may oyida Prezidentimiz SH.Mirziyoyev tashabbuslari bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. “Vaqf”ning asosiy faoliyati aholining kam ta’minlangan va iqtisodiy nochor qatlamni iqtisodiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu jumladan, Respublikamizdagi masjid imom-xatiblari va xodimlarining maoshi hamda ijtimoiy himoyasini ham ta’minlashdan iborat.

         Aynan Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi jome masjidida 2018 yilning iyun va iyul oylarida juma namozi tushumlaridan jami 206  ming so‘m pul masjid hisob raqamiga kelib tushgan. Ushbu mablag‘ “Vaqf” xayriya jamoat fondining hisobiga o‘tkazilgan.

Endi quyidagi raqamlarga e’tibor qilaylik:

“Vaqf” xayriya jamoat fondi iyul-avgust oylarida ushbu G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi jome masjidiga jami 1 million 600 ming so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazgan. Hisobni tushungan har qanday kishi oradagi tafovutni bemalol bila oladi. Ayni shu holat mamlakatimizdagi barcha masjidlarga ham qo‘llanilmokda. Demak, hozirgi kunda moddiy tarafdan muhtoj masjidlarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan yetarli miqdorda yordamlar ko‘rsatilmoqda. Darhaqiqat, “Vaqf” xayriya jamoat fondini tashkil etishdagi birlamchi vazifalardan biri o‘z ijrosini topmoqda.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!