Venesuela prezidenti Maduro Yevropa Ittifoqiga ultimatum e’lon qildi

Venesuela prezidenti Maduro Yevropa Ittifoqiga ultimatum e’lon qildi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosati davom etadigan bo‘lsa, har qanday dialogdan voz kechish bilan tahdid qildi, deb yozmoqda «RBK».

«Venesuela o‘z qadr-qimmatiga ega va u qayerdan uyushtirilganidan qat’i nazar hujumlarga qanday javob berishni biladi», — dedi Venesuela rahbari.

Maduro Karakasning Yevroittifoq bilan yaxshi aloqada bo‘lish istagida ekanini ta’kidladi, ammo u venesuelaliklarga qarshi «kimdir kelib hujum qilish, haqorat qilish, sanksiyalar kiritishi»ga rozi emas. «Biz biror kimning bu kabi xatti-harakatiga toqat qilmaymiz», — dedi Maduro.

Ma’lumot uchun 22 fevral kuni Yevropa Ittifoqi Venesuela rasmiylariga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi. Cheklovlar 19 nafar mansabdor, jumladan Milliy saylov kengashi prezidenti Indira Alfonso, kengash vise-prezidenti Leonardo Morales, Qurolli kuchlar strategik operasiyalar qo‘mondonligi rahbari, admiral Remixio Sebalos Ichaso, shuningdek, Milliy assembleya a’zolari va sudyalarga nisbatan joriy etildi.

Bunga javoban Venesuela hukumati 24 fevral kuni Yevroittifoq elchisi Isabel Brilyante Pedrosoni «xush ko‘rilmagan inson» deb e’lon qildi va unga mamlakatdan chiqib ketish uchun 72 soat muhlat berdi.

Bryussel Venesuelaning diplomatni chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaroridan afsusda ekanini bildirdi va uni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Yevroittifoqning fikricha, Karakasning bunday xatti-harakatlari faqat mamlakatni yanada yakkalanishiga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Nikolas Maduro bir kuni shahar avtobus haydovchisi kasbiga qaytish umidi borligini aytgan. «Umid qilamanki, bir kuni prezidentlik lavozimidan ketganimda, men ushbu sohaga boshimni tik tutgancha, uniformam bilan qaytib boraman, avtobus minib ko‘chaga chiqaman va Venesuela xalqiga oddiy ishchi sifatida xizmat qilaman», — degan prezident VTV kanali efirida namoyish etilgan transport sohasi ishchilari bilan uchrashuvda.

Nikolas Maduro o‘rta ma’lumotni ancha ulg‘aygan yoshida olgan: u norozilik namoyishi uyushtirgani uchun maktabdan haydalgan. O‘smirlik davridayoq so‘l partiya faoli edi, keyinchalik avtobus haydovchisi va Karakas metrosi ishchilarining kasaba uyushmasi a’zosi bo‘ldi. Gavana maktabida olgan ta’limi vatanidagi siyosiy karyerasiga poydevor bo‘lgan.

Avvalroq Venesuela prezidenti Nikolas Maduro iste’foga chiqishga tayyorligini bildirgani haqida xabar berilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!