"O‘zstandart" bergan "Halol" sertifikati 38 mamlakatda amal qiladi

"O‘zstandart" bergan "Halol" sertifikati 38 mamlakatda amal qiladi

Yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xorij bozorlariga yetkazib berilmoqda. Bularning barchasi qo‘shimcha sifat sertifikatlarini olish zaruratini yuzaga keltirmoqda, deb xabar bermoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish ruxsat berilgan mamlakatlar geografiyasini kengaytirish maqsadida “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti “halol” standarti talablariga mos yangi sertifikatni ishlab chiqdi.

Institutning sertifikatlash bo‘limi boshlig‘i S.Saidovning aytishicha, yangi sertifikat “halol” standartlariga amal qilinadigan musulmon davlatlari bilan savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, mazkur standartlarni joriy etish O‘zbekistonga sayohat qilayotgan ziyoratchilarga professional xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi. Shu bois “O‘zstandart” agentligi tomonidan Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti huzurida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, mehmonxona xizmatlarini sertifikatlash bilan shug‘ullanadigan yangi organ tashkil etildi.

“O‘zstandart” agentligi “halol” sertifikatini olish uchun arizalarni qabul qilishni boshladi. Ariza topshirish uchun Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutiga murojaat qilib, barcha zarur hujjatlarni taqdim etish joiz. Ushbu hujjatlar asosida sertifikatlash haqida qaror qabul qilinadi. Keyinchalik korxonaga bir guruh auditorlar yuboriladi. Ular ishlab chiqarishning standart talablariga muvofiqligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi. Auditorlar hisoboti sertifikat olishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Ushbu sertifikatni olish istagidagi tadbirkorlar faqat halol mahsulot ishlab chiqarishi yoki uni ishlab chiqarish liniyasidan to‘liq ajratishi kerak.

“Halol” standarti talabiga mos sertifikat bir yil muddatga beriladi va bu vaqt davomida korxonada muntazam ravishda tekshiruvlar amalga oshirib turiladi.

Ta’kidlash joizki, 2018 yilning noyabr oyida “O‘zstandart” agentligi Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya institutiga a’zo bo‘lgan. Shu bois yangi standart ushbu institutga a’zo bo‘lgan 38 mamlakatning barchasida amal qiladi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!