O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi bir yilda 5,4 mlrd dollarga oshdi

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi bir yilda 5,4 mlrd dollarga oshdi

Moliya vazirligi O‘zbekistonning 2020 yil uchun davlat qarzi holati va dinamiasi sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i (davlat qarzi) 23,3 milliard dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 40,4 foizni tashkil etgan.

Xususan, 2020 yil yakuniga ko‘ra, davlat tashqi qarzi 5,4 milliard dollarga yoki yil boshiga nisbatan 34,4 foizga oshib, 2021 yil 1 yanvar holatiga 21,1 milliard dollarga yoki YAIMga nisbatan 36,5 foizga yetgan. Shundan:

  • O‘zbekiston nomidan jalb qilingan tashqi qarz — 15,1 milliard dollar;
  • davlat kafolatlagan tashqi qarz – 6,0 milliard dollar.

Davlat ichki qarzi 23,3 trillion so‘mni (2,2 milliard dollar) yoki YAIMga nisbatan 3,9 foizni tashkil etdi. Shundan:

  • davlat qimmatli qog‘ozlari – 4,0 trillion so‘m (0,4 milliard dollar);
  • davlat kafolatlagan ichki qarz – 19,3 trillion so‘m (1,8 milliard dollar).

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi bir yilda 5,4 mlrd dollarga oshdi

Foto: Moliya vazirligi

Ma’lumot uchun, davlat qarzi bo‘yicha statistik ma’lumotlar xalqaro moliya tashkilotlari va tijorat banklari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida aniqlashtirib boriladi.

Davlat qarzining so‘nggi yillardagi o‘sish dinamikasiga qaramay, xalqaro me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi (YAIMga nisbatan – 40,4 foiz), shu jumladan, davlat tashqi qarzi (YAIMga nisbatan – 36,5 foiz) mo‘’tadil darajada saqlanib qolmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari kesimida qaraladigan bo‘lsa, davlat tashqi qarzining 3,7 milliard dollar byudjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi bir yilda 5,4 mlrd dollarga oshdi

Foto: Moliya vazirligi

«Davlat tashqi qarzining katta qismi uzoq muddat hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan. O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan qarz mablag‘larini jalb qilishda konservativ yondashuvga va xatarlarni boshqarish tamoyillariga amal qiladi», — deyiladi sharhda.

Eslatib o‘tamiz, S&P Global Ratings xalqaro kredit reyting agentligi 2020 yil dekabrda O‘zbekistonning uzoq va qisqa muddatli suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reytingi «BB-» darajasida saqlanib qolingan, biroq kelgusi davr uchun «salbiy» prognoz berilgan. Ushbu prognoz hukumatning tashqi qarzi tez sur’atlarda o‘sishda davom etishi mumkinligini aks ettiradi.

Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan «2021 yilgi fuqarolar uchun byudjet» loyihasida O‘zbekistonning jami davlat qarzi 2021 yil yakunida 28,4 milliard dollarga (YAIMga nisbatan 44,9 foiz) yetishi prognoz qilinmoqda. Moliya vazirligi esa buni xavfsiz darajada deb hisoblamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!