Yoqilg‘i tashish mashinasini hujjatlarda “og‘irlashtirish” orqali 791 million so‘mlik bojxona imtiyozlarini o‘zlashtirishga urinish fosh qilindi

Yoqilg‘i tashish mashinasini hujjatlarda “og‘irlashtirish” orqali 791 million so‘mlik bojxona imtiyozlarini o‘zlashtirishga urinish fosh qilindi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti hamda Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari yoqilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus transport vositasini respublikamizga olib kirishda bojxona imtiyozlarini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritishga bo‘lgan urinishni fosh qilishdi.

Avtotransport vositalarining ruxsat etilgan massalariga ko‘ra, ikki o‘qli transport vositasiga tushuvchi og‘irlik 18 tonna qilib belgilangan. Ammo, ushbu holatdagi tranport vositasi ikki o‘qli bo‘lsa-da, hujjatlarda uning yuk ko‘tarish qobiliyati to‘la vazni bilan hisoblaganda 20 tonna 640 kg. deb ko‘rsatilgan.

Chunki, bundan boshqa bir maqsad ko‘zlangan edi. Amaldagi tartiblarga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan, yuk bilan hisoblaganda to‘liq vazni 20 tonnadan oshadigan maxsus va yuk transport vositalari 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Ayni shu imtiyozdan foydalanish orqali mazkur transport vositasi egasi ham davlat byudjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 791 million so‘mlik bojxona to‘lovlarini tejab qolmoqchi edi.

Ammo, bojxona ko‘rigi davomida tranport vositasiga mazkur bojxona imtiyozlarini qo‘llab bo‘lmasligi aniqlandi va buni Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazi ekspertlari ham tasdiqlashdi.

Bojxona yuk deklarasiyasida tovar kodini biridan boshqasiga o‘zgartirib qo‘yish orqali mavjud imtiyozni qo‘lga kiritaman deb o‘ylaganlar yanglishadi.

Yuqoridagi holatda ham O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 227-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari bilan tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirildi hamda surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!