UzAuto Motors'dan olingan mashinalar YHXBda xaridor nomiga rasmiylashtirilishi shart bo‘ladi

UzAuto Motors'dan olingan mashinalar YHXBda xaridor nomiga rasmiylashtirilishi shart bo‘ladi

Endilikda UzAuto Motors dilerlaridan xarid qilingan avtomobillar YHXBBda haqiqatda mashinani sotib olgan shaxs nomiga rasmiylashtirilishi lozim. Avtomobil xaridi uchun navbat olib qo‘yib, shu navbatini sotish bilan shug‘ullanayotganlarga qarshi chora sifatida shunday tartib o‘rnatiladi. Bitta shaxs dilerlar bilan hatto 200 ta shartnoma tuzib qo‘ygan holatlar ham aniqlangan.

Pandemiya tufayli jahonda yarimo‘tkazgichlar tanqisligi yuzaga chiqqach, O‘zbekistonda ham avtomobil ishlab chiqarish hajmi tushib ketdi. Natijada yangi avtomobillar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Ayni paytda, masalan, Lacetti avtomobili uchun to‘lov qilib, mashinasi chiqishini kutayotganlar soni 25 mingdan oshgan. Yana 7,6 mingga yaqin kishi Cobalt avtomobili uchun navbatda turibdi.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 1 fevraldan buyon Spark, Nexia-3 va Cobalt avtomobillarining mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan varianti uchun shartnomalar tuzilmayapti.

Yangi avtomobil tanqisligi sharoitida mashina uchun to‘lov qilib, o‘z navbatini sotayotgan fuqarolar paydo bo‘lgan. UzAuto Motors kompaniyasi shu kabi holatlarga qarshi kurash boshlaganini ma’lum qildi.

“Yaqinda sotuv tizimi yordamida bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki, 200 ta kelishuv shartnomalarining tuzilganlik holatlari aniqlandi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu shaxslar yuzaga kelgan holatni o‘z biznesiga aylantirib, qo‘yilgan navbatini kutishni xohlamaydigan shaxslarga o‘z navbatini imtiyozli berish maqsadida shartnomalar tuzishadi”, – deyiladi kompaniya axborotida.

UzAuto Motors bunga chek qo‘yish uchun o‘z savdo ma’lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirishni taklif etdi.

Ta’kidlanishicha, bu loyihada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, DYHX va AKT vazirligi ham qatnashadi.

Agentlik bu loyiha tasdiqlanganini xabar qildi. Unga ko‘ra, endilikda “UzAuto Motors” AJning dilerlik korxonalari tomonidan mijozlarga rasmiylashtirilib berilayotgan hisob-ma’lumotnomalar IIV YHXBBda haqiqatda shartnoma tuzgan shaxs nomiga rasmiylashtirilishi lozim.

Ikki axborot tizimi o‘rtasida ma’lumotlar almashuvi dastlab tajriba tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik Respublika miqyosida joriy etiladi.

Ma’lumot uchun, avtomobil sotib olish jarayonida tamagirlik yoki korrupsiyaning boshqa turlari bilan to‘qnash kelgan fuqarolar UzAuto Motors koll-markazi (78 141-77-77) yoki Bosh prokuraturaning 10-07 qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin.

UzAuto Motors'ning qayd etishicha, kompaniya va huquq organlari mijozlarning shaxsiy murojaatlari va shikoyatlarisiz na tezkor chora-tadbirlar ko‘rish, na jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borish huquqiga ega emas.

Joriy yilda kompaniyaning ishonch telefon raqamlari va koll-markaz xizmatiga “shapka” deya ataluvchi holatlarga oid birorta ham shikoyat kelib tushmagan. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga ham bunday murojaat bo‘lmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!