Turkmanistonda Prezidentlik saylovida ovoz berish yakunlandi. G‘olib bir hafta ichida e’lon qilinadi

Turkmanistonda Prezidentlik saylovida ovoz berish yakunlandi. G‘olib bir hafta ichida e’lon qilinadi

Turkmanistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ovoz berish yakunlandi. 12 mart, shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00da mamlakatdagi barcha 2577 saylov uchastkasi yopildi, deb xabar bermoqda Turkmenporta.

Bu galgi Prezident saylovida 3 million 435 ming 950 saylovchi ro‘yxatga olingan. Ovoz berish mamlakatda ochilgan saylov uchastkalarida ertalab soat 7:00da boshlanib, kechki soat 19:00gacha davom etdi. Bundan tashqari, Turkmanistonning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalarida 41 ta saylov uchastkasi ochildi.

MSK ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida saylovchilarning 97,12 foizi ovoz bergan.

Turkmanistonda eng yuqori davlat lavozimiga 9 nafar nomzod ko‘rsatilgan, ular mamlakatda ro‘yxatga olingan uchta siyosiy partiya va fuqarolarning tashabbuskor guruhlari tomonidan ko‘rsatilgan.

Turkmaniston Saylov kodeksiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylovdan keyin yettinchi kundan kechiktirmay saylov natijalarini chiqaradi, bayonnoma tuzadi va saylov natijalarini e’lon qiladi. Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pi ovozini olgan nomzod Prezident etib saylangan deb e’lon qilinadi.

Turkmaniston prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq tomonidan 7 yil muddatga saylanadi va u qasamyod qilgan paytdan boshlab o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Mamlakatning yangi prezidentining inaugurasiyasi 19 mart kuni bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!