Tramp yana Isroilga yoqmoqchimi?

Tramp yana Isroilga yoqmoqchimi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Tvitterdagi sahifasi orqali 1967 yilda Isroil tomonidan bosib olingan Jo‘lon tepaliklarini mazkur davlatning hududi deb tan olish vaqti kelganini aytdi.

Tramp buni Jo‘lon tepaliklarining Isroil uchun favqulodda strategik ahamiyatga egaligi va mintaqadagi xavfsizlik uchun kerakligi bilan izohladi. Turgan gapki, Trampning bu gapi Isroilga yoqib tushdi: bosh vazir Binyamin Netanyahu AQSh prezidentiga minnatdorchilik bildirdi. Eron Suriyadan Isroilni yo‘q qilish uchun plasdarm sifatida foydalanishga urinayotgan bir paytda prezident Tramp Jo‘lon tepaliklari bo‘yicha Isroilning suverenitetini mardonavor tan oldi. Rahmat, prezident Tramp , deya yozdi u Tvitterda.

Ma’lumki, Donald Tramp xalqaro qonunlarga zid ravishda butun Quddusni Isroilning poytaxti deb tan olgan va AQSh elchixonasi bu shaharga ko‘chirgan edi. Endi esa Jo‘lon tepaliklarini Isroil hududi deb tan olishga chaqiryapti.

Trampning bu chaqirig‘ini Turkiya tanqid ostiga oldi. Xususan, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li davlatlarning hududiy yaxlitligi xalqaro huquqning fundamental prinsipi ekanini ta’kidladi. Isroilning xalqaro huquqqa zid harakatlarining AQSh tomonidan qonuniylashtirishga urinishlar mintaqada yanada ko‘p zo‘ravonlik va iztirobga sabab bo‘ladi. Turkiya Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi , dedi vazir.

Jo‘lon tepaliklari 1967 yilgacha Suriyaga qarashli bo‘lgan va o‘sha yilning iyunida hududning uchdan ikki qismini Isroil bosib olgan. 1981 Isroil parlamenti Jo‘lon tepaliklari haqida gi qonunni chiqarib, ushbu hudud bo‘yicha suverenitetini e’lon qildi. BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilning bu qarorini tan olmadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!