Tramp Eronga jiddiy tahdid qildi

Tramp Eronga jiddiy tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp agar Tehron amerikaliklarga yoki AQSh ob’ektlariga hujum qilsa, Erondagi 52 ta ob’ektga zarba berilishidan ogohlantirdi.

“Bu ogohlantirish bo‘lsin: agar Eron amerikaliklar yoki AQSh ob’ektlariga zarba bersa, biz Eron tomonidan uzoq yillar avval garovga olingan 52 kishini ramzlovchi Erondagi 52 ta nishonni tanladik”, deb yozgan Tramp tvitterda. 

Uning yozishicha, tanlangan ba’zi ob’ektlar Eron hamda uning madaniyati uchun juda ahamiyatli ob’ektlar hisoblanadi.

“Biz bu nishonlarga, Eronga tez va juda kuchli zarba beramiz. AQSh boshqa tahdidlarni eshitishni istamaydi!”, deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

AQSh prezidentining ta’kidlashicha, hozirda Eronda 3 yanvarga o‘tar kechasi o‘ldirilgan “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy uchun o‘ch olish maqsadida AQShning qanchalik ko‘proq ob’ektiga zarba berish masalasi ochiqchasiga muhokama qilinmoqda. Uning aytishicha, Sulaymoniy ko‘plab odamlarning, jumladan amerikaliklarning o‘limiga javobgar.  

Tramp garovga olingan 52 kishini eslab o‘tganda, 1979 yil AQShning Tehrondagi elchixonasida yuz bergan voqeani nazarda tutgan. O‘shanda eronlik isyonchilar guruhi AQSh elchixonasidagi o‘nlab odamlarni garovga olgan. Ulardan ba’zilarini tezda ozod qilishga muvaffaq bo‘lingan, biroq 52 kishi 1981 yildagina ozod qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!