Toshkentda ayol kishiga kuch ishlatganlar sudning qora kursisida

Toshkentda ayol kishiga kuch ishlatganlar sudning qora kursisida

Sudning qora kursisida boshini xam qilib o‘tirgan Mahkam (ismlar o‘zgartirildi) aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Qaramog‘ida 2 nafar farzandiva turmush o‘rtog‘i borligi, oilasining yagona boquvchisi ekanligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi va muqaddam sudlanmaganligi bois jazoni yengillashtirishni so‘rab, yalinib yolvordi. Ammo bu halimlik, yumshoqlik bir o‘smirni ham jinoyatga sherik qilayotganida qayoqda edi, deb o‘ylab qolasiz...

Mahkam o‘sha kuni ishdan chiqib, “charchoq bosdi”ga spirtli ichimlik ichdi. O‘zicha “tetiklashgach”, yaqin tanishi, voyaga yetmagan Samadni chaqirdi. Qosh qoraygani uchun ko‘chada odamlar siyraklashgandi. Uzoqdan kimningdir sharpasi ko‘ringach, Mahkam Samadga “Uni tunaymizmi?” degandek imo qildi. Samad yelka qisdi. Kelayotgan ayol kishi edi. “Orqadan hujum qilamiz”, dedi Mahkam shivirlab. Ayol ularning yonidan o‘tib ketdi. Ikkovlon “Boshladik!” deb bir-biriga ko‘z qisishdi.

Mahkam ayolga tezda yetib oldi va uning og‘zini qo‘li bilan yopib, chekkaga tortdi, qochib ketmasligi uchun qo‘llarini qisdi. Samad esa uning sumkasini tintishni boshladi. Kutilmagan hujumdan talvasaga tushgan ayol kuchi boricha qarshilik ko‘rsatishga urinib, tipirchilardi.

Samad uni zarb bilan devorga tirab: “ovozingni chiqarma!” deb do‘q qildi. Mahkum esa uning cho‘ntaklarini tintishga tushdi. Ularning maqsadi nima ekanini anglolmayotgan ayol qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirar, talonchilarning changalidan chiqishga urinardi. Sal narida avtomobil yuvish shoxobchasiga ko‘zi tushdi-yu:

– Yordam bering, odamlar, kim bo-or?! – deb jonholatda baqirdi.

– O‘chir ovozingni! – dag‘dag‘a qildi Mahkam.

– Aka, kimlardir biz tomonga kelyapti, qochdik! – dedi Samad.

Mahkam ayolni bir siltadi-da, qo‘yib yubordi. Zo‘ravonlar yashirinmoqchi bo‘ldi-yu, joy topolmay qolib, qo‘lga tushishdi...

Spirtli ichimlik iste’mol qilib, o‘zini sher bilib, kuchi ayol kishiga yetgan Mahkamni oqlab bo‘ladimi? Uning jinoyatiga sherik bo‘lgan Samadni-chi?

Halol rizq – baraka kaliti, qalb halovati. Ikki nafar farzandning otasi bo‘lgan Mahkam esa ahli oilasining luqmasiga harom aralashtirmoqchi bo‘ldi.

Samadning ota-onasi nega o‘g‘lining bemahalda ko‘cha-ko‘yda yurishiga yo‘l qo‘ydi? Axir, ular farzandining tarbiyasi bilan shug‘ullanishi, uning do‘stu o‘rtoqlari kimligini so‘rab-surishtirishi, ayniqsa, kechasi bemaqsad, nazoratsiz yurishi yaxshilikka olib kelmasligini bilishlari kerak ediku. Zero, “Sayoq yursang, tayoq yeysan”, deb bejiz aytishmagan.

Jinoyat hech qachon jazosiz qolgan emas. Mahkam ham, Samad ham qilmishlariga yarasha jazo oldi. Ular qilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqararmikan? Buni vaqt ko‘rsatadi...

Muso YUSUPOV,

Toshkent shahar sudining

jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi,

Adolat Fayziyeva, muxbir


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!