Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun viza to‘lovini bekor qildi

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun viza to‘lovini bekor qildi

Tailand Vazirlar Mahkamasi bir qator davlatlar, xususan O‘zbekiston fuqarolari uchun 2018 yil 1 dekabrdan 2019 yil 31 yanvarigacha bo‘lgan muddatga viza to‘lovini bekor qilishga rozilik berdi. Bu haqda "Kun" nashri xabar bergan.

Hukumat Tailandga 15 kun muddatga tashrif buyuruvchi jami 21 ta davlat fuqarolari uchun 2000 bat (60 dollar)lik viza yig‘imini ikki oyga to‘xtatib turadi. 1 dekabrdan e’tiboran Andorra, Butan, Bolgariya, Xitoy, Kipr, Efiopiya, Fiji, Hindiston, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Maldiv, Malta, Mavritaniya, Papua – Yangi Gvineya, Ruminiya, San-Marino, Saudiya Arabistoni, Tayvan, Ukraina va O‘zbekiston pasportiga ega shaxslar viza to‘lovisiz qirollik hududiga kirishi mumkin.

Tailand Immagrasiya byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga viza orqali kirib keluvchi sayyohlar soni 2016 yil yanvaridan buyon kamayishda davom etmoqda. Ushbu tashabbus turistlar oqimini 30 foizga oshirishga yordam berishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, kirish ruxsatnomasi uchun undiriladigan haqning bekor qilinishi mamlakatga xitoylik turistlarni qaytarish chorasi vazifasini ham bajaradi. 47 kishi qurbon bo‘lgan Pxuketdagi kema halokatidan so‘ng Tailandga dunyoda eng ko‘p aholiga ega davlat fuqarolarining kirishi kamayib ketgan edi.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, qirollikning ushbu tashabbusi natijasida yil oxiriga qadar Tailandga tashrif buyuruvchi xorijliklar soni kutilganidan 2 millionga ortib, 40 million kishiga yetishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!