Soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi qanday ishlaydi?

Soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi qanday ishlaydi?

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan soliq nizolarini ko‘rib chiqish reglamenti loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.

Qanday hujjatlar zarur

Kengashga tegishli ariza bilan murojaat qilish mumkin (o‘zi kelgan holda yoki elektron pochta orqali), unga quyidagilar ilova qilinadi:

• soliq tekshiruvi dalolatnomasi;
• tekshiruv natijalari bo‘yicha soliq organining qarori;
• soliq to‘lovchining bankdagi schyotlari bo‘yicha operasiyalarni to‘xtatib turish haqidagi soliq organining qarori;
• kameral nazorat natijalari bo‘yicha chiqarilgan, qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash haqidagi yoki soliq hisobotiga tuzatish kiritish haqidagi soliqchilarning talabi;
• qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni majburiy undirish haqidagi inkasso topshiriqnomasi;
• soliq to‘lovchi qanoatlanmagan yoki qisman qanoatlangan soliq nizosi bo‘yicha DSQ Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasining xulosasi;
• ariza beruvchining vakili yoki soliq agentining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (agar ular orqali ariza topshirilayotgan bo‘lsa);
• ariza beruvchining pozisiyasini asoslovchi boshqa hujjatlar.

Qanday tartibda ko‘rib chiqiladi?

Moliya vazirligi kelib tushgan hujjatlarni Kengash raisiga (moliya vaziri o‘rinbosari) topshiradi, u esa ularni o‘rganib chiqish uchun Kotibiyatga yo‘llaydi. Agar qog‘ozlar belgilangan talablarga muvofiq kelsa, nizo Kengash ko‘rib chiqishi uchun kiritiladi – materiallar uning a’zolariga tarqatiladi.

Zaruratga qarab ma’lumotnoma tusidagi, axborot-tahliliy materiallar so‘rab olinadi, soliq solish sohasidagi ekspertlar va mutaxassislar chetdan taklif etiladi.

Yig‘ilish qaysi sana va vaqtda o‘tkazilishi haqida ariza beruvchi va boshqa ishtirokchilar oldindan, kamida 5 kun avval xabardor qilinadi. Ariza ko‘pi bilan bir oyda, istisnoli holatlarda ko‘pi bilan ikki oyda ko‘rib chiqiladi.

Kengash yig‘ilishlari oyda kamida 1 marta kunduzi o‘tkaziladi. Har bir soliq nizosi alohida ko‘rib chiqiladi. Barcha manfaatdor shaxslar majlislar zaliga taklif etiladi. Majlisda tomonlarning dalil va asoslari tinglanadi, taqdim etilgan materiallar, vakolatli organlar, mutaxassislar va ekspertlarning xulosalari o‘rganiladi. Oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qaror qabul qilinadi va bayonnoma shaklidagi xulosa ko‘rinishida rasmiylashtiriladi (tavsiya tusiga ega bo‘ladi). Zaruratga qarab yig‘ilish videotasvirga tushiriladi yoki audioga yozib olinadi.

Kengash xulosasi rais tomonidan tasdiqlangan sanadan e’tiboran 2 ish kuni ichida soliq nizosi tomonlariga yuborilishi kerak.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!