Shomurodovga Ispaniyadan zo‘r taklif chiqdi. Eldor “Roma”dan ketadimi?

Shomurodovga Ispaniyadan zo‘r taklif chiqdi. Eldor “Roma”dan ketadimi?

Yozgi transferlar vaqtida “Roma” jamoasi safiga qo‘shilgan Eldor Shomurodov kuchli klublarda ham o‘ynash olish qobiliyatini namoyish etganidan Yevropaning boshqa jamoalari e’tiboriga tushgani oydinlashmoqda.

Evropa futbolini yoritishga ixtisoslashgan www.euro-football.ru saytining xabar berishicha, o‘zbek legioneriga Ispaniya klublaridan qiziqish bo‘lmoqda.

Xususan, Eldor Shomurodovni Ispaniya chempionati grandlaridan hisoblangan “Sevilya” o‘z safida ko‘rishni istayapti. Xorij matbuotining yozishicha, andalusiyaliklar yozgi transferlar vaqtida 26 yoshli futbolchimiz transferini amalga oshirishni rejalashtirayotgan ekan.

Yana bir nufzli sayt www.soccer.ru ma’lumotiga ko‘ra, “Sevilya” klubi rahbariyatiga o‘z maqsadini amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Chunki bu ko‘p jihatdan Joze Mourinyoning qaroriga bog‘liq bo‘ladi.

Ma’lumki, “Roma” rahbariyati klubning avvalgi mavqeini tiklash, A Seriyada sovrinli o‘rinlar uchun kurashish va muntazam Chempionlar ligasida ishtirok etadigan qudratli jamoa shakllantirish maqsadida Joze Mourinyoni bosh murabbiylikka taklif etgan.

Avvallari asosan “Chelsi”, “Real”, “Inter”, “Manchester Yunayted” kabi yulduzlar bilan to‘lib-toshgan jamoalar bilan yuqori natijalarni qayd etgan portugaliyalik mutaxassis bu gal jangovar jamoani boshidan shaxsan o‘zi shakllantirishga qaror qildi va rimliklar taklifini qabul qildi.

“Roma” rahbariyati transfer siyosatida ham Mourinyoni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Jamoadan Mourinyoga to‘g‘ri kelmaydigan futbolchilar ketkazildi, Joze tanlagan yangi o‘yinchilar olindi va bu jarayon qishki va yozgi transferlar vaqtida ham davom etadi.

Roppa-rosa bir yil muqaddam Rossiya premyer-ligasidan A Seriyaga ko‘chib o‘tgan Eldor Shomurodov “Jenoa” tarkibida sakkizta gol urib, kuchli beshlik chempionatlari darajasida o‘ynay olish salohiyatini namoyon etganidan so‘ng, mavsum davomida unga “Yuventus”, “Milan“, “Roma” kabi jamoalardan takliflar kela boshladi.

Hamyurtimizni Rimga taklif qilish fikri Joze Mourinyodan chiqqani aniq. Chunki portugaliyalik mutaxassis uning imkoniyatlarini yaxshi biladi va “Tottenxem”ni boshqargan davrda ham Shomurodovni Angliya premyer-ligasiga taklif qilgandi.

Xullas, Mourinyo chaqirig‘i bilan “Roma”ga o‘tgan Eldor Shomurodov UYEFA Konferensiyalar ligasi va A Seriya o‘yinlarida ham o‘zini ko‘rsatib kelmoqda. Ayni paytda o‘yinida biroz pasayish kuzatilayotgan hamyurtimiz rimliklar tarkibidagi dastlabki bellashuvlarda bitta gol va to‘rtta assist bilan “Roma” g‘alabalariga hissa qo‘shdi.

Eng muhim jihat shundaki, uncha-muncha yulduzlarni tan olmaydigan Joze Mourinyo Eldor Shomurodovni top darajadagi futbolchi, deb bilishini oshkor namoyon qildi va o‘zbek yigiti u qurayotgan qudratli “Roma”da muhim vazifalarini bajarishiga ishonch bildirishda davom etmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shuning uchun ham “Sevilya” vakillarining yozgi transferlar vaqtida Eldor Shomurodovni olishiga birinchi navbatda Mourinyo qarshi chiqadi. Chunki, portugaliyalik mutaxassis bir necha yil davom etadigan katta loyihani boshlab yuborgan va Shomurodov shu g‘oyaga xizmat qilishi kerak bo‘lgan muhim o‘yinchilar qatoriga kiradi.

Ikkinchi tomondan, Eldor Shomurodovga “Sevilya” kabi kuchli klublar e’tibor qaratayotgani quvonarli hol. Chunki rivojlanish va o‘sishning chegarasi yo‘q. Zero, o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari Eldor Shomurodov va boshqa futbolchilarimizni nafaqat “Roma” va “Sevilya” darajadasidagi jamoalar, balki “Barselona”, “Real”, “Manchester Yunayted, “Chelsi”, “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Bavariya” kabi eng qudratli klublarda ko‘rishni istaydi.

Qolaversa, yozgi transferlar oynasi ochilgunga qadar, Eldor Shomurodovga boshqa kuchli klublardan ham chorlov bo‘lishiga ishonchimiz komil. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!