Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning yangi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning yangi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Kasim-Jomart Tokayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Kasim-Jomart Tokayevni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan samimiy tabriklab, davlat rahbari lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Bu Qozog‘istonning atoqli o‘g‘loni, Birinchi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevning, butun Qozog‘iston xalqining yangi Prezidentga ishonchi yuksak ekanining navbatdagi yorqin dalilidir.

Qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari izchil mustahkamlanayotgani, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanib, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik kengayib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingan o‘tgan yilda tovar ayirboshlashning rekord ko‘rsatkichlariga erishildi, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi kooperasiya loyihalari amalga oshirildi, ikki mamlakat biznesi va hududlari darajasidagi muloqot, jumladan, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Qozog‘iston yili doirasida tadbirlarga boy qo‘shma reja qabul qilindi.

Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhim ekanini qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Kasim-Jomart Tokayev samimiy tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari bahor ayyomi Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi, butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yo‘lida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!