Sariosiyolik ayolning farzandlariga nega tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilmayapti?

Sariosiyolik ayolning farzandlariga nega tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilmayapti?

Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumani «Madankon» mahallasida istiqomat qiluvchi S. S.ning farzandlariga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma ololmayotgani, karantin davrida hech qaysi tashkilot ishlamayotganligi hamda mutasaddilardan yordam so‘rayotgani haqida video tarqalgandi.

Ushbu material yuzasidan Davlat xizmatlari agentligi direktorining matbuotkotibi rasmiy bayonot berdi. 

Unda aytilishicha, bugungi kunda karantin choralari ko‘rilayotgan bo‘lsa ham, Davlat xizmatlari markazlari va FHDYo bo‘limlari o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q.  DXMlarda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmatlar ko‘rsatilib, FHDYo bo‘limlarida faqatgina tug‘ilganlik va o‘lim haqida guvohnoma berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur murojaatga aniqlik kiritish uchun DXA Surxondaryo viloyati boshqarmasi Sariosiyo tumanining 2-son FHDYo bo‘limi mudirasi D. Samatova va fuqaro yashab turgan mahallaning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari YU. Maxatovalar fuqaro bilan uchrashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, S. S.ning 2014 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va 2015 yilda tug‘ilgan qizining hujjatlari hali-hanuz olinmagan ekan.  Sababi — ushbu bolalarning ota-onasi qonuniy nikohdan o‘tmagan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotgan, bola tug‘ilganligi haqidagi tibbiy ma’lumotnomalar esa mavjud emas.

Mazkur hujjatlarsiz esa FHDYo tug‘ilganlik haqida guvohnomani bera olmaydi.

O‘rganish davomida 2020 yil 3 mart kuni S. S. nomiga Sariosiyo tuman IIB va FRB tomonidan biometrik talabnoma shakllantirilganligi, biroq karantin munosabati bilan fuqaro shu kungacha tayyor pasportini ololmaganligi aniqlandi.

Davlat xizmatlari agentligi Sariosiyo tumani 2-son FHDYo bo‘limi mas’ullari tomonidan qisqa fursatlarda tuman tibbiyot birlashmasidan bola tug‘ilganligi haqidagi ma’lumotnoma nusxasi olinib, homiylik mablag‘lari hisobidan S.S. farzandlariga guvohnoma rasmiylashtirib beriladi.

Bu haqida fuqaroga ham batafsil tushuntirish berildi.
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!