Sankt-Peterburg shahri va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi

Sankt-Peterburg shahri va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Sankt-Peterburg shahar savdo-sanoat palatasi prezidenti Vladimir Katenev bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Muloqot chog‘ida Sankt-Peterburg shahri va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, shahar hukumati a’zolari boshchiligidagi mahalliy ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegasiyaning shu yil 21-26 aprel kunlari Toshkent shahri va Samarqand viloyatiga amaliy safarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar safar davomida "Innoprom. Markaziy Osiyo" Xalqaro sanoat ko‘rgazmasida peterburglik biznes doira vakillarining ishtiroklarini tashkil etish va Samarqand shahrida "Peterburg-Samarqand: jarrohlik amaliyotining zamonaviy usullari" mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazish bo‘yicha fikr almashdilar.

Rossiya vakillariga 2-3 may kunlari bo‘lib o‘tadigan uchinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi haqida batafsil ma’lumot berildi. Toshkent xalqaro investisiya forumi bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim tadbir hisoblanishi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida sanoat investisiyalarini moliyalashtirish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda an’anaviy tarmoqlarda qo‘shma sarmoyaviy loyihalarini amalga oshirish, ikki mamlakatda joylashgan maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat parklari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida o‘zaro tashriflarni tashkil etish va boshqalar to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Sankt-Peterburg shahar savdo-sanoat palatasi 1921 yilda tashkil etilgan. U Rossiyadagi yirik savdo-sanoat palatalaridan biri hisoblanadi. Palata Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidagi salkam 4000 ta kichik, o‘rta va yirik biznes korxonalari hamda tadbirkorlarni birlashtiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!