Rossiyadagi o‘zbek ayollari nega homila oldirmoqdalar?

Rossiyadagi o‘zbek ayollari nega homila oldirmoqdalar?

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning 30 foizi, aniqrog‘i 400 mingga yaqini xotin-qizlardir. Ular asosan xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilishmoqda. Bu haqda "minbar.uz" yozmoqda.

Kuniga 12-13 soatli ish tartibi, dam olishsiz kunisiz ishlash muhojiralarning salomatligiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi. Ammo migrasiya bo‘yicha tahlilchilar muhojir ayollar tibbiy xizmatning boshqa turlaridan ko‘ra ayollar shifokorlariga ko‘proq murojaat qilishlarini bildirishdi.

- Homila oldirish - Rossiyaga ishlashga kelgan Markaziy osiyolik ayollar tomonidan akusher-ginekologlarga qilinadigan eng ko‘p murojaatlardan biri, - deydi shifokor Yanglish Egamova.

Moskvada aynan muhojirlar uchun xizmat ko‘rsatadigan 20 dan ortiq xususiy poliklinikalar bor. Bundan tashqari, yashirin poliklinikalar ham faoliyat yuritadi. Bu tibbiy maskanlarning asosiy mijozlari - shaxsi sir saqlanishini so‘rovchi muhojiralardir.

Tibbiy-demografik tadqiqotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrant ayollarning 15 foizi homilani oldirish uchun shifokorga borishadi. Qirg‘izistonlik ayollarda esa bu ko‘rsatgich 40 foizni tashkil qiladi. Istalmagan homiladorlikka asosan ularning ishlash maqsadi sabab bo‘ladi.

Biroq migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi faollar abortlar sababini boshqa vaziyatda ko‘rishadi.

- Migrant ayollar eng ko‘p jinsiy tajovuzlar va aldovlarning qurbonlari bo‘lishmoqda, - deydi huquqshunos Zarnigor Omonillayeva.

Yuristga yordam so‘rab murojaat qiluvchi ayollar orasida ham o‘z yurtdoshlari tomonidan aldangan ayollarni tashkil qilishini bildirdi.

"Muhojiralarning katta qismi - ersiz ayollar. Hatto turmushga chiqmagan o‘zbek qizlarning ham Rossiyaga kelishi ko‘payib borayapti. Ular birinchi navbatda oilasini vatanida qoldirib kelgan erkaklar uchun o‘lja bo‘lishsa, ikkinchidan o‘zlari ham begona yurtda hamroh va suyanch xohishi bilan qiyin vaziyatlarga tushib qolishayapti", deydi yurist.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan e’lonlarda ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdik.

- Qabulga navbatga yozilib kelasiz, konsultasiya 2000 rubl. O‘zimizda UZI bor, ko‘proq pul olvolsangiz bo‘ldi, xujjat kerakmas. Homila oldirishning narxi o‘rtacha 6000 rubl (100 AQSh dollari atrofida), - dedi telefonga o‘zbek tilida javob bergan shifokor.

Ammo OAVdan ekanimiz, ma’lumot uchun qo‘ng‘iroq qilganimizni bilgach, suhbatni to‘xtatdi. Keyingi qo‘ng‘iroqlarimiz besamar ketdi, javob berilmadi.

Ana shunday yashirin poliklinikalardan birida bo‘lgan muhojir ayol bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.

- "Sadovod" bozorini yonida deyishdi, zo‘rg‘a topib bordim. Yerto‘ladagi xonalarning birini ijaraga olib ishlashar ekan. Yo‘lak qop-qorong‘u, telefonimni chirog‘ini yoqib eshigini arang topib bordim. Hamma yoq tartibsiz, iflos. Bir burchakda UZI va "kreslo" turibdi. Ginekologni o‘zi telefonga javob berishdan to ukolgacha hammasini qilarkan, - deydi ismi sir qolishini so‘ragan muhojira.

Migrant ayolning aytishicha, u eri bilan yashaydi va shifokorga tushib qolgan homilasi asoratini tozalatish va davolanishga dori-darmonlar yozdirishga borgan.

"Ammo navbat kutib o‘tirganimda abort uchun borgan yosh-yosh qizlarni ko‘rdim. Ba’zilari "yigitlari" bilan borgan ekan. Bittasini muddati kattaroq bo‘lib qolgan ekan, yigiti bilan rosa janjallashdi. Baribir, qo‘ymadi, oldirdi", gapirib berdi muhojir ayol.

Muhojir ayollarning homiladorligi muammmolariga Moskvadagi diniy qo‘mitalar vakillari ham matbuot orqali munosabat bildirishmoqda.

- Ayol muhojiralarning yana bir muammosi - ish beruvchilar tomonidan jinsiy zo‘ravonliklarga uchrashayotganidir. Qurbonlar afsuski, qarindoshlari va yurtdoshlari oldida yuzlari yerga qaramasligi uchun ham bu gunohga qo‘llari borayapti, - deydi imom Ramil Sodiqov.

Ulamo hamisha erkaklarga yuzlanishini, ularni man etilgan ishlardan qaytarishga sabab bo‘luvchi chiqishlar bilan harakati bu muammoni yechimida ozligini bildirdi.

O‘zbekistonlik, umuman Markaziy Osiyolik mehnat muhojiralari bilan ishlaydigan rasmiy yoki biron bir jamoatchilik tashkiloti hozircha yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!