Rasul Kusherbayev "O‘zbekiston temir yo‘llari" haqida: "Bu – nomardlik"

Rasul Kusherbayev "O‘zbekiston temir yo‘llari" haqida: "Bu – nomardlik"

Jonkuyar deputat Rasul Kusherbayev o‘z kanalida o‘rinli mulohazalarni bildirib o‘tdi:
 

Ayrim idora va tashkilotlar xodimlarini karantin vaqtida qo‘llab-quvvatlash o‘rniga o‘z hisoblaridan majburan mehnat ta’tiliga chiqarib yubormoqda. Bunday holatni biz «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi xodimlari misolida eshitayapmiz.

Bu avvalo tashkilotning o‘z xodimlariga nisbatan nomardligi bo‘ladi. Demak, bu kabi holatga yo‘l qo‘yayotgan tashkilot hech qachon xodimlari manfaati uchun astoydil jon kuydirmaydi.

Endi buning qonuniy tomonlariga e’tibor qiladigan bo‘lsak.
Birinchidan, xodimni majburan o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqarib bo‘lmaydi. Mehnat kodeksiga asosan xodim o‘z ixtiyori bilangina o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin.

Ikkinchidan, Prezidentning «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining 18-bandida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarning faoliyati to‘xtatilgan davrda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘quvchilarining ota-onalariga (ular o‘rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylarga, homiylarga) yillik ta’tildan foydalanish grafigidan qat’i nazar (shu jumladan, 6 oydan kam ishlaganlarga) yillik ta’til taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shundan kelib chiqib, bolalari bog‘cha yoki boshlang‘ich maktabda tarbiyalanayotgan ota-onalarni faqatgina mablag‘ to‘lanadigan mehnat ta’tiliga chiqarish mumkin.

Parlament a’zolari shu kabi masalalarda murojaat qilgan fuqarolar ishlarini tezlikda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ijobiy yechishga harakat qilmoqda. Biroq bu yetarlimas. Vaziyat yaxshilanishi bilan mehnat qonunchiligini qo‘pol tarzda buzgan idoralar bo‘yicha parlament eshituvi o‘tkazilishi shart, deb hisoblayman.

Joylarda haliyam mantiqsiz yig‘ilishlar bo‘layotgani haqida ham bilib yuribmiz. Ayniqsa, mahalla raislari va xodimlarining uyma-uy yurishga majburlanayotgani bugungi kun sharoitida ham kulgili, ham achinarli hol. Bunga yo‘l qo‘yayotgan hokimlar ayni vaqtda buning naqadar mantiqsiz ekanligini anglashlari kerak.

To‘g‘risi, bu hukumatning quyi darajadagi bo‘g‘inlarida yashayotgan muammo. Ammo biz vaqti kelib hukumatdan bunga izoh so‘rashimiz kerak.

Favqulodda vaziyat e’lon qilish oson ish emasligi aniq. Dunyodagi ko‘pgina mamlakatlar karantin holati bo‘lsa ham bunday rejim e’lon qilgani yo‘q. Afsuski, bunday rejimga o‘tish ko‘p hollarda inson huquqlarining ommaviy buzilishiga olib kelishi mumkin. Lekin O‘zbekiston sharoitida agar vaziyat shuni taqozo qilsa e’lon qilinishi kerak. Bilmadim, hozircha bunga zarurat bo‘lmayotgandir. Bir narsani unutmaslik kerakki, nimaiki keskin choralar qo‘llanilsa ayni paytda bunga odamlarning o‘zi sababchi bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!